Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston respublikasida bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonga imzo chekdi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat xizmatlarining shaffofligini va ulardan erkin foydalanish imkoniyatini, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, eksport-import operasiyalarining mutanosibligini ta`minlash tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, investisiya va eksport salohiyatini oshirish, aholining turmush sharoiti va sifatini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o`rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste`mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to`liq amalga oshirilishiga to`sqinlik qilmoqda.
Bundan tashqari, tashqi savdo operasiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona to`lovlarini to`lashdan bo`yin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.
2018 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib belgilandiki, unga muvofiq:
tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O`zbekiston Respublikasi hududi bo`ylab harakatlanish marshrutlarini o`zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi;
bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo`yicha) davriy deklarasiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;
aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o`simlik va hayvonot dunyosi ob`ektlarini, ozon emiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigienik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;
boj olinmaydigan savdo do`koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini lisenziyalash markazlashtirilgan tartibda O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklarasiyalarini Internet tarmog`i orqali real vaqt rejimida to`ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega;
import tovarlari amalda O`zbekiston Respublikasi bojxona hududiga etib kelishidan oldin, jumladan, tovarlarni bevosita chegara o`tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag`batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklarasiyalash amaliyoti joriy etiladi;
bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi bo`lgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib ko`rsatish holatlari bo`yicha muntazam ravishda monitoring o`tkazadi;
bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yo`q qilinadi;
bojxona organlari tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarning to`g`riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so`ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi;
bojxona organlari tomonidan etakchi xalqaro tashkilotlar uslubiyoti asosida muntazam ravishda tovarlar bojxona rasmiylashtiruvining o`rtacha vaqti tizimli o`rganib boriladi, ularning natijalari e`lon qilinadi, shuningdek, ushbu sohadagi ko`rsatkichlarni izchil yaxshilash bo`yicha ta`sirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o`tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishi ta`minlanadi.
qonun hujjatlari normalari bir xilda qo`llanilishi, bojxona tartib-taomillari samaradorligi, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasiga muvofiq tovarlarni to`g`ri tasniflash, ularning bojxona qiymatini to`g`ri aniqlashni monitoring qilish va baholashni nazarda tutuvchi bojxona postlari faoliyatini nazorat qilishning ta`sirchan tizimini ishlab chiqiladi.
“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” va “Toshkent-tovar” bojxona postlarida bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada soddalashtirish, bojxona to`lovlarining to`liq va o`z vaqtida to`lanishini ta`minlash, tovarlarning noqonuniy importi va kontrabandani aniqlashga qaratilgan bojxona ma`muriyatchiligining zamonaviy uslublarini qo`llash bo`yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish hamda ijobiy tajribani boshqa bojxona postlarida qo`llanadi.
moddiy rag`batlantirish va intizomiy jazo choralarini muvozanatli qo`llash imkonini beruvchi bojxona postlari xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Davlat bojxona qo`mitasi raisiga quyidagi vazifalar yuklandi:
yuqori professional mahorat, axloqiy va ma`naviy sifatlarga ega, har tomonlama etuk va vatanparvar yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yo`naltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yishning prinsipial jihatdan yangi tizimini yaratish;
xodimlarning xizmatga bo`lgan munosabatini tubdan o`zgartirish, qonunbuzilishining barcha ko`rinishlariga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish, jamoada sog`lom muhitni shakllantirish;
fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarni har tomonlama rag`batlantirish, xizmat intizomini hamda qonunchilik talablarini qo`pol ravishda buzgan xodimlarni intizomiy va boshqa javobgarliklarga tortish bo`yicha choralar ko`rish.
Farmonda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
a) bir oy muddatda quyidagilar bo`yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlash:
hududlarda “yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistik, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa xizmatlar ko`rsatadigan zamonaviy logistik markazlarni tashkil etish;
davlat chegarasi orqali o`tkazish punktlaridagi chegara bojxona postlarini zamonaviy inspeksion-ko`rik majmualari va boshqa bojxona nazoratining texnik vositalari bilan jihozlash;
temir yo`l chegara bojxona postlarini davlat chegarasida temir yo`l sostavlari kesishish joylariga ko`chirish hamda ushbu joylarda bojxona va boshqa turdagi davlat nazoratini amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani tashkil etish masalasini o`rganish;
b) uch oy muddatda davlat chegara o`tkazish punktlarining bino, inshootlar va avtomobil o`tish punktlarining holatini o`rganish hamda aniq davlat organini belgilash va unga quyidagi vazifalarni yuklash:
joriy ta`mirlash, kapital qurilish, texnik jihozlashni amalga oshirish, shuningdek, yondosh hududlarini obodonlashtirish;
yangi o`tkazish punktlarini qurish;
davlat chegarasi orqali avtomobil o`tkazish punktlarini bosqichma-bosqich balansga qabul qilish kabi vazifalar belgilab berildi .
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda O`zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini quyidagilarga alohida e`tibor qaratgan holda ishlab chiqish vazifasi berildi:
bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini ta`minlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli va turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etish;
tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etilishining rag`batlantirish mexanizmini yaratish;
O`zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari normalari, umume`tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillarini, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va standartlarini implementasiya qilish;
bojxona ma`muriyatchiligi sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasi, shu jumladan tariflarni tartibga solish va bojxona nazoratini tashkil etish.