O`zbekiston Milliy gvardiyasining Harbiy-texnika instituti bazasida idoraviy o`qotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda vazirlikning Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali orqali ma`lum qilindi.
Nizomga muvofiq maxsus kurslar quyidagilar bo`yicha nazariy bilimlarni olish va amaliy ko`nikmalarni mustahkamlash maqsadlarida tashkil etiladi:
- (tayyorlash va qayta tayyorlash) fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini, mol-mulkni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus pochtani qo`riqlash, tabiat va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish, shuningdek qurol va maxsus vositalar muomalasiga doir qonun hujjatlarining asosiy talablari;
- qo`riqlanadigan ob`ektlarni (kuzatilayotgan mol-mulklarni) qo`riqlash, ularni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, qo`riqlanadigan ob`ektlarda ruxsat berish va ob`ekt ichki rejimini ta`minlash, xizmat yo`nalishlarida (postlarda) huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berish bo`yicha xizmat vazifalari, ularni bajarish shakllari va usullari;
- qo`riqlashning (mol-mulklarni kuzatishning) ilg`or muhandislik-texnik vositalari va usullari, zamonaviy radio hamda simli aloqa vositalarining turlari va texnik tavsiflari, ulardan foydalanish va radioaloqani tashkillashtirish qoidalari;
- uyushgan guruh, jinoiy uyushma, terrorchilik-qo`poruvchilik guruhlari va ularning a`zolari tomonidan qo`llanilayotgan taktik usullar va ularning xususiyatlari, ular faoliyatini amalga oshirishda foydalaniladigan portlovchi qurilmalar, qurol-yarog`lar, texnik va boshqa vositalar;
- shaxslarni, ularning buyumlarini va transport vositalarini ko`zdan kechirishning ilg`or muhandislik va maxsus texnik vositalari, ularning turlari, texnik tavsiflari hamda ulardan foydalanish tartibi;
- tan jarohatlarining asosiy turlari bo`yicha birlamchi shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish ko`nikmalari;
- tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda hodisalar va vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish;
- qo`riqlanayotgan ob`ektlarni (kuzatilayotgan mol-mulkni) terrorchilik-qo`poruvchilik harakatlar sodir etilishidan hamda jinoiy tajovuzlardan ishonchli qo`riqlashni tashkil etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan o`zaro samarali hamkorlikni ta`minlash.
Xodimlarni qayta tayyorlash besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Maxsus kurslarda o`quv mashg`ulotlar institut boshlig`i tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida o`tkaziladi.
Maxsus kurslar ishlab chiqarishdan (ishdan) ajralgan holda, odatda, qatnab o`qish shaklida institut va tashkilot o`rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi.
Xodimlarning maxsus kurslardan o`tganligi ikkinchi ta`lim olish hisoblanmaydi.
Tashkilotlar tomonidan xodimlar quyidagi hollarda qayta tayyorlash kurslarida o`qitish uchun yuborilishi lozim:
- xodimga berilgan sertifikatning amal qilish muddati tugayotganda;
- xodimning lavozim majburiyatlari o`zgarganda (oddiy xodimlar tarkibidagi lavozimdan kichik va o`rta boshliqlar tarkibidagi lavozimga yoxud kichik va o`rta boshliqlar tarkibidagi lavozimdan katta boshliqlar tarkibidagi lavozimga o`tkazilganda).
Maxsus kurslarga tibbiy tekshiruvdan muvaffaqiyatli o`tgan qurol va maxsus vositalar biriktirilgan xodimlar tashkilot rahbarining buyrug`iga muvofiq yuboriladi. Tayyorlash kurslariga yuborilayotgan xodimlar tashkilotlarda tashkil etilgan idoraviy jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ma`naviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslaridan ham muvaffaqiyatli o`tgan bo`lishi lozim.
Tayyorlash kurslarining umumiy davomiyligi ikki yarim hafta (90 soat), qayta tayyorlash kurslarining umumiy davomiyligi esa, ikki hafta (72 soat) etib belgilanadi. Bunda, maxsus kurslarda o`quv yuklamasining eng ko`p hajmi bir haftada 36 (54 akademik) soatni, auditoriya mashg`ulotlarining eng ko`p hajmi esa, 24 (36 akademik) soatni tashkil qiladi.
Xodimlar maxsus kurslarda o`qishni tugatgandan so`ng maxsus, jismoniy va o`q otish tayyorgarligi bo`yicha imtihonlarni topshiradi.
Imtihon topshiriqlari maxsus kurslar dasturlariga muvofiq tuziladi. Imtihon natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Imtihon natijalari bo`yicha belgilangan eng yuqori ballning kamida 70 foizini to`plagan xodimlar imtihondan o`tgan hisoblanadi.
Imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan bir ish kuni ichida imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tgan xodimlarga sertifikat, imtihonlardan o`ta olmagan xodimlarga esa, ular maxsus kurslarni tamomlaganligi to`g`risidagi ma`lumotnoma beriladi. Sertifikat va ma`lumotnomalar institut boshlig`i tomonidan imzolanadi.
Sertifikat besh yil muddatga beriladi. Sertifikatlar qat`iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadigan, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo`lgan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi hamda institutda maxsus kurslar turi bo`yicha yuritiladigan tegishli reestrda hisobga olinadi. Sertifikatlar xodimlarga reestrda imzo qo`ydirgan holda beriladi.






