O`zbekistonlik arxeologlar Markaziy Osiyo tarixida ilk bor ko`p kishining surati chizilgan yog`och panno topib olishdi, deb xabar qilmoqda O`zbekiston Fanlar akademiyasi.
Ushbu shohona saroy Kofirqal`a nomli arxeologik yoodgorlikda joylashgan bo`lib, bu erda 2001 yildan boshlab esa 16 gektarli maydonda Arxeologiya instituti mutaxassislari keng qamrovli arxeologik qazishma ishlarini olib borishmoqda.
Qadimiy shaharda o`tkazilgan qazilma ishlari natijasida yong`in oqibatida vayronaga uchragan Milodiy 5-6 asrlarga mansub qal`a (Arki a`lo) va uning ichida joylashgan tantanalar zali topilgan.
Milodiy 5-6 asrlarga tegishli majmuada Samarqand hukmdorlarining davlat arxivi va yozgi saroyi joylashgan bo`lib, yong`in tufayli vayronaga uchragan arxivdan noyob davlat hujjatlari, elchilik xatlari, davlatlararo shartnomalar va bulla deb atalgan taxtakachlarda sug`diy yozuv namunalari topildi.
Saroyning yog`och ustunli ko`rkam xonalaridan birida uch yarusli sufa, sufa ustidagi taxtiravonda esa shersifat ko`rinishidagi hukmdor o`tiribdi. Xonaning devorlari yog`och o`ymakorligi uslubida chizilgan rasmlar (panno) galereyasi bilan bezatilgan.
Arxeologlar tomonidan topilgan, yaxshi saqlanib qolgan pannoning o`lchamlari 124x141 sm., U o`zi ikkita keng taxtadan iborat bo`lib, ular temir tutqich bilan biriktirilgan. Pannoda to`rt qatorda jami 46ta inson qiyofalari chizilgan.
Kompozisiyaning asosiy mavzusi — sher shaklida taxtda o`tirgan bosh Ilohga sajda qilishdir. Bu zardushtlar bosh ma`budasi buyuk xudo — Nana ekanligi kundek ravshan. Odamlar uning huzuriga turli xil sovg`alar bilan kelganlar. Pastki qavatda musiqachilar galareyasi tasvirlangan. Undan keyingi pastki qavatda yana qo`llarida turli xil sovg`a-salomlar bilan kelgan ziyoratchilar suratlari tiz cho`kkan holda aks ettirilgan. Shuningdek, pastki qavat suratlar galareyasi markazida muqaddas olov yonib turibdi.
Xabarda aytilishiga ko`ra, bunday ko`p figurali aniq suratlar kompozisiyasi Markaziy Osiyo tarixida ilk bor topilgan bo`lib, u dunyoviy ahamiyatga ega ekan. Ushbu tarixiy majmuada qazish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, zardo`shtlik davriga oid ushbu saroy 8 asr boshida arablarning Qutaybo binni Muslim boshchilligidagi harbiy qo`shini tomonidan yoqib yuborilgan ekan.






