“Xalq so`zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari tahririyati Qo`rg`ontepa tumanidagi «Muruvvat» nogiron bolalar internat uyiga “Matiz” avtomashinasi sovg`a qildi.
“Xalq so`zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari jamoasi tomonidan har yili mamlakatimizning turli viloyatlaridagi bolalar uylariga avtomashina, turli maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalariga sovg`a-salomlar ulashish an`anaga aylangan. Qo`rg`ontepa tumanidagi «Muruvvat» nogiron bolalar internat uyiga avtomashina topshirilganligi ana shu saxovatli ishning yana bir namunasi bo`ldi.
Ayni kunda muassasada 280 nafar 4 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan tug`ma nogiron, aqlan zaif bolalar tarbiyalanadi.
- Ularning ko`pchiligi faqat yotib kun kechiradigan va emaklab harakatlanadigan bolalardir, - deydi Qo`rg`ontepa tumanidagi «Muruvvat» nogiron bolalar internat uyi direktori Xurshida Xalilova. – Muassasamizda bolalarning yashashi, salomatligini nazorat qilish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin hamma narsa bo`lsada, mehr va e`tiborga muhtoj bolajonlar yashayotgan jamoamizga “Xalq so`zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari tahririyatining ko`rsatilgan e`tiboridan xursandmiz.
Sahovat, mehr-oqibatning umri boqiydir. Ana shunday yuksak insoniy fazilatlar, o`lmas qadriyatlar ulug`lanayotgan yurtimizga aslo ko`z tegmasin.
17.04.2018 04:47
Muruvvat uyiga «Matiz» avtomashinasi sovg`a qilindi






