Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasida so`roq jarayonini stenografiya usulida yozib olish, videokuzatuv, shuningdek, audio va video qayd etish tizimi bilan jihozlangan maxsus majmua ochildi.
Maxsus xonalarning tashkil etilishi fuqarolarning, xususan voyaga etmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquq va erkinliklarini sudga qadar ish yurituvda himoya qilishni kuchaytiradi, og`ir va o`ta og`ir jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshiradi.
"Gezell oynasi bilan o`zaro bog`langan maxsus xonalar gumon qilinuvchining jabrlanuvchi va guvohlar, jumladan, bolalar bilan to`g`ridan-to`g`ri aloqasini chegaralagan holda so`roq, shaxsni tanish va boshqa tergov harakatlarini olib borishga imkon yaratadi. Bu esa jinoyat prosessining voyaga etmagan ishtirokchilarini qaytadan ruhan jarohatlamaslikda muhimdir" — deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.
Yana bir xona esa bolalar o`yin maydonchasi ko`rinishida jihozlangan: bu erda jinoyatdan jabrlangan yoki unga guvoh bo`lgan voyaga etmaganlar so`roq qilinadi.
Bu kabi maxsus xonalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli kafolatlarini ta`minlash, ularning sha`ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo`l qo`ymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni to`plash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga og`ishmay va qat`iy rioya qilish, shuningdek jinoyat prosessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo`llashni bartaraf etishga xizmat qiladi.










