Prezidentning 13.04.2018 yildagi «O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida»gi PQ–3666-son qarorida ana shunday chora nazarda tutilgan.
Norma’ning yozishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti (bundan keyin – TDYuU) huzurida Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markazi tashkil etildi. U Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi negizida tashkil etilmoqda.
Markazda oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar uchun yuridik ixtisoslik bo`yicha qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi. Kurslar pullik bo`ladi, ularning muddati esa – 6 oy. Imtihon natijalariga ko`ra belgilangan namunadagi diplom beriladi, u davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqini beradi.
Oliy ta`limning barcha yo`nalishlarida bunday qayta tayyorlashdan o`tish imkoni berilmaydi. Ularning aniq ro`yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Adliya vazirligiga bir oy muddatda tegishli takliflar kiritish topshirildi.
Eslatib o`tamiz, hozir Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to`g`risidagi nizomning 7 va 9-bandlariga muvofiq yuridik xizmat xodimi lavozimiga, yuriskonsult yordamchisidan tashqari, oliy yuridik ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar tayinlanadi. Yuriskonsult yordamchisi o`rta maxsus yuridik ma`lumotga ega bo`lishi yoxud «Yurisprudensiya» mutaxassisligi bo`yicha bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistranti bo`lishi mumkin. Xususiy tuzilmalarda bunday talablar tavsiya tusiga ega.
Bunda qabul qilingan hujjatda Markazda qayta tayyorlashdan o`tgan shaxslarga ayni qanday lavozimlarda (yuridik xizmat rahbari, yuriskonsult, yuriskonsult yordamchisi) ishlashga ruxsat berilishi aniqlashtirilmagan. Bu masala, ehtimol, Prezidentning tahlil qilinayotgan qarorini bajarish maqsadida yaqin orada qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish chog`ida hal etilsa kerak.
Bundan tashqari, Markazda quyidagilar faoliyat yuritadi:
• yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish qisqa muddatli kurslari, shu jumladan xalqaro tijorat faoliyatining huquqiy kuzatuvi, xalqaro arbitraj va sud ishlarini ko`rish;
• o`rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta`lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari.
Hujjat 14.04.2018 yildan kuchga kirdi.






