Prezident Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Mazkur akademiya O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston musulmonlari idorasining O`zbekiston islom akademiyasi va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti negizida tashkil etiladi.
Xalqaro islom akademiyasi O`zbekiston musulmonlari idorasi va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita muassisligidagi Qur`on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo`lgan sohalar bo`yicha malakali kadrlarni tayyorlaydi.
Ushbu akademiya o`rta maxsus, oliy ta`lim, oliy ta`limdan keyingi ta`lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta`limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan etakchi ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta`lim maktablari, o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo`yicha pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqi beriladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 14-bandida belgilangan imtiyozlar O`zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham tatbiq etiladi.