1

“Oshkora sevgi– ovvora sevgi” yoxud muhabbatning arzon o`yinlari

Mutolaa 18.04.2018, 12:47
“Oshkora sevgi– ovvora sevgi” yoxud muhabbatning arzon o`yinlari

Balog`at fasli ta`riflanganda azaldan muhabbatga, go`zal tuyg`ularga alohida urg`u beriladi. Shu paytgacha yozilgan shoh asarlarda ham, insoniylik bitiklarida ham bu fasl ostonasidagi yigit-qizlarning ko`ngil kechinmalari shaffof buloq suvidek sof, o`zgacha mehr va ardoq bilan tasvirlanadi. Endi esa she`rlaru qo`shiqlar mavzusi o`zgaryapti. Xonanda Xadicha Qurbonovaning “Arzon bo`lib ketdi muhabbat” nomli qo`shig`ida shunday satr­lar bor: “...Ushlanmagan qo`llar qoldimi? Yurilmagan yo`llar qoldimi?..”

Bu qo`shiqni tinglab turib, beixtiyor bugungi oshiq-ma`shuqlar haqida o`yga toladi, odam. Yigit-qizlarning ko`nglidagi tuyg`ular o`z sehru jozibasini yo`qotmayaptimi? Hayotga, muhabbatga engil-elpi qarayotganlar kasriga bu qadim tuyg`uning qadri to`kilib bormayaptimi?

SEVGILIMNING SEVGILISI BOR EKAN
– Malikani bir yildan beri bilardim, – deydi Akmal ismli yigit. – Uni qattiq sevardim. Tez-tez uchrashib, gaplashib turardik. Onamni sovchilikka yuborish niyatida yurganimda yo`lda notanish bir yigit bilan qo`l ushlashib ketayotganini ko`rib qoldim. Taksidan tushdimu, ularning oldiga yugurdim... Malikadan bu yigitning kimligini so`radim. U indamadi. Yonidagi yigit ham mening kimligimni so`ragan edi, qiz: "bilmasam", deb javob berdi. Aqldan ozay dedim, “Sen kimsan”, deb yigitning yoqasiga yopishdim. "Kim bo`lardim, yigitiman", dedi u. “Men kim ekanman unda? Malika bilan bir yildan beri gaplashaman”, desam, haligi yigit: “Men esa ikki yildan beri u bilan uchrashib yuribman”, deydi. O`zimni tutolmadim, “Malikam, go`zalim, yagonam”, deb yurganim o`sha qizni shu qadar yomon ko`rib ketganimdan, yuziga tuflab yubordim.
– Bu voqeani eshitib sira ham ajablanmadim, – deydi yigirma yoshli Zarifa Qurbonova. – Hozir ayrim yigit-qizlar uchun muhabbat degan so`zda hech qanday ma`no qolmagandek, nazarimda. Shunday ekan ajab­lanishga ne hojat? Men tanigan-bilgan ko`p qizlarda shunday vaziyat. Ularning aktrisalik mahoratiga qoyil qolish kerak.

PINHONA TUYG`ULAR QANChALAR GO`ZAL EDI
– Hozirgi yoshlar muhabbatni butunlay boshqa ma`noda talqin qilishadi, – deydi Muhtaram hoji aya. – Yoshligimizda qizlar u yoqda tursin, yigitlar ham yozgan xatini sevganiga berishdan hayiqardi. “Olarmikin? Birortasi ko`rib qolmasmikin?” deya xatlarini yashirincha yosh bolalardan, qizning dugonalaridan berib yuborishardi. U vaqtlardagi qizlar ham birorta yigitga ko`ngil qo`ysa, o`sha yigit sevishini aytmagunicha, tuyg`ularini ichida pinhona saqlab yuraverardi. Sevish va sevilish biz uchun juda qadrli, shirin orzu edi. Hozirgi qizlar-chi, qo`yib bersangiz, yoqtirib qolgan yigitining qo`liga o`zlari xat tutqazadi, yo`q, xat deb ham o`tirishmaydi, telefon qilib, uchrashuvga chaqiradi-qo`yadi. Sevgining qadri tushgani, yigit-qizlar o`rtasidagi munosabatlar siyqalashib borgani sayin ajrimlar ham ko`payib ketyapti.
Haqiqiy sevgi ikki yosh o`rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Muhabbat er-xotin, qaynona-kelin, ona-bola o`rtasidagi munosabatlar orqali sayqallanib, go`zallashib, sabrga yaqinlashib boradi. Qizlarimizga sevgini yurakda jimgina saqlashga o`rgatmas ekanmiz, ular uni asrashni eplasholmaydi. Yoshlikdan tuyg`ulari haqida hammaga jar solishga o`rganishdimi, endi oila sirini ham baralla aytadigan bo`lishdi.

KO`NGLI QULFSIZ YIGITLAR

– Qizlar unday, qizlar bunday deysizlar-u, yigitlar ham oppoq emas-da, – deya qizishib suhbatga qo`shiladi Nargiza ismli talaba qiz. – Shunday yigitlarni bilaman, sevgilisini har oyda almashtirib turadi. Ko`ngil eshigining qulfi, muhabbatining bekati yo`q, bunday lo`ttiboz, oliftalarni sanab sanog`iga etib bo`lmaydi. Zamonamizning bu kabi “Majnun-u, Farhod”larini har qadamda uchratish mumkin.
Xo`sh, ular muhabbatni qadrlashyaptimi? Menimcha bu soxta tuyg`ularning ko`payishiga sabab internet, televizordagi xorij filmlari va kliplari bizning milliyligimizga, urf-odatlarimizga tushov bo`layotganidadir. Vaqtini serial ko`rish-u, internetdagi behayo filmlarni tomosha qilishga sarflayotgan yoshlarimiz, sevishni ham Otabeg-u Kumushlardan emas, o`sha serial qahramonlaridan o`rganayotgandir.
– Men ham shu kunlarda o`z singlimning qilmishidan uyalib yuribman, –deydi Javohir ismli yigit. – Bozorda savdo qilaman. Bayram arafasi singlim bir-ikki marta kelib yordam bergandi. Unda yaqin sinfdoshim Akbarning ko`ngli bor, uylanish niyatida sovchi ham yuborib, unashtirgandik. Aprel oyining boshlariga to`yni belgilagandik. To`yga uch kun qolganda Akbar kechki soat 10:00 da qo`ng`iroq qilsa, sing­lim telefonini ko`tarmabdi. Zarur gapi borligi uchun mashinasida uyimizgacha kelgan. Mahallaning muyulishidagi ko`cha boshida singlim boshqa yigit bilan uning mashinasida gaplashib o`tirgan ekan. Akbar to`yni to`xtatib, singlimga uylanishdan voz kechdi. Mashinadagi yangi oshiq esa men savdo qiladigan bozordagi savdogar yigit bo`lib chiqdi. Singlim menga yordam bergani borganida tanishgan ekan. Ota-onamning yuzi shuvut bo`ldi. Qiz bolaning o`ylamay bosgan qadami nafaqat unga balki oilasidagilarga ham ziyon keltiradi. Shuning uchun qizlar tarbiyasida qattiqqo`l, sinchkov bo`lish kerak. Akalar singillarini nazorat qilishsa, onalar o`rtaga tushib yonini olmasin.

MANFAAT HAM BOR...
– Tan olaman, mening ham ikkita oshig`im bor edi, – deya suhbatga aralashdi yigirma ikki yoshli, yaqindagina unashtirilgan Fotima ismli qiz. – Alisher akamni uzoq vaqtdan beri yaxshi ko`raman. Ammo ularning yashash tarzi, oilasi, iqtisodiy sharoiti oilamizga to`g`ri kelmaydi. Bilaman, otam u oilaga qiz bermaydi. Muhabbat yosh tanlamaganidek, vaziyatga ham qaramas ekan. Doston aka esa holi jonimga qo`ymadilar. Ularning oilasi o`zlariga to`q bo`lgani uchun rad etolmadim. Meni jonidan ortiq ko`radigan boyvachcha kuyovni nega rad etay? Hamma qizlar qatori men ham orzuimdagi baxtga erishishim uchun albatta, oilamda kamchilik bo`lmasligi kerak, deb bilaman. Qolaversa, ota-onaning ham roziligi juda muhim.
Fotimaning gaplaridan nazarimda oila muhabbat emas, manfaat ustiga qurilishi kerakdek, go`yo. Xo`sh, Alisher Navoiy asarlaridagi, xalq dostonlaridagi haqiqiy ishqni bu zamondan izlab o`tirmang demoqchimisiz? Bilaman, u kabi ishq-muhabbat hozir kamdan-kam uchraydi. Yoki umuman yo`q. Abdulla Qahhorning “Sarob” romani qahramoni Saidiy sevgilisi Munisxonga uylanolmasligining sababini bilasizmi? Saidiy ustozining o`z qiziga uylanish haqidagi taklifini rad etolmaydi. Natijada o`z hayotini, ham seviklisi Munisxonning hayotini ham barbod qiladi. Bu voqealardan har kim har xil xulosa chiqaradi. To`g`ri, kimdir hayotini sevgi-muhabbat, kimlardir esa o`zaro kelishuv ahdiga binoan quradi. Yana boshqa toifadagilar esa ikki tarafning boyligini taroziga solib, palladagi vaznga qarab yangi oilasini bunyod etadi. Har nima bo`lganda ham biz xulosa chiqarmaymiz. Baxt kimniki, degan savolga har kim o`zicha javob izlaydi. Baxt, men baxtliman deb ayta olgan odamniki emas, o`zini baxtli his qilgan odamniki, deganlar baraka topsinlar.

Vasilabonu HABIBULLAEVA

"Oila va jamiyat" gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1