AsosiyJamiyat

Bog`cha pulini to`lashda kimlarga imtiyozlar beriladi?

'Bog`cha pulini to`lashda kimlarga imtiyozlar beriladi?'ning rasmi

Maktabgacha ta`lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta`minotiga haq to`lash tartibi to`g`risidagi nizomga asosan maktabgacha ta`lim muassasalaridagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta`minlangan oilalar farzandlari to`lovdan ozod qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi bo`lgan kam ta`minlangan oila farzandlariga, shuningdek o`rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo`lgan kam ta`minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To`lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro`yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to`g`risida ma`lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta`lim muassasasi ota-onalar qo`mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

To`lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro`yxati har o`quv yilining 25 sentyabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta`lim muassasasi rahbarining buyrug`i bilan tasdiqlanadi.

Ro`yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta`minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi.

To`lovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha ta`lim muassasasiga qatnashi (bo`lishi) to`xtatilishi natijasida bo`shab qolgan o`rinlar zaxiradan to`ldirib boriladi.

To`lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro`yxati u tasdiqlangandan keyin o`quv yil davomida qayta ko`rib chiqilishi mumkin.

Bundan tashqari, bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi quyidagi nuqsonlarida maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalar ta`minoti uchun ota-onalar to`lovi undirilmaydi:

- nutqidagi og`ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);

- eshitishdagi og`ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik);

- ko`rishdagi og`ir nuqsonlar (ko`zi ojizlar, bir ko`zi soqqasi yo`qligi (anoftalm), ambliopiya va g`ilay bo`lgan zaif ko`radiganlar);

- tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo`yin, ko`krak qafasi, umurtqa, bo`g`imlar va oyoqlar operasiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo`yin, ko`krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformasiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a`zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar serebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tug`ruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a`zolarining barcha patologiyalari (gemiparez, paraparez, monoparez va shu turdagi plegiyalar); poliradikulonevritlar va ularning asoratlari);

- psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy orqada qolish (aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning engil darajasi);

- murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi);

- sil kasalligining ilk ko`rinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan (xo`jalikdan) bo`lib aloqada bo`lganlar, tubviraj), shuningdek sil kasalligidan keyingi tiklash davri.


    Boshqa yangiliklar