AsosiyJamiyat

873 nafar keksa avlod vakili “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi

'873 nafar keksa avlod vakili “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi'ning rasmi

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik Katta teatrida bir guruh nuroniylar, mehnat faxriylarini Prezidentimiz tomonidan ta`sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tantanali tadbirda O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi Respublika boshqaruvi raisi Sh.Jalilov va boshqalar Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda nuroniylarga, keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom ko`rsatish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 28 dekabrdagi “O`zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq “Mehnat faxriysi” ko`krak nishonining ta`sis etilishi bu boradagi ishlar salmog`ini yanada oshirdi.

13.JPG

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko`krak nishonini ta`sis etish to`g`risida”gi qaroriga binoan "Mehnat faxriysi" ko`krak nishoni to`g`risidagi Nizom, ko`krak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari, ko`krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklariga o`rnatiladigan belgining tavsifi tasdiqlangan. Mazkur nishon bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta`lim, sog`liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko`p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas`uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag`ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadi.

Qaror ijrosini ta`minlash yuzasidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining nazorat rejasiga muvofiq “Mehnat faxriysi” ko`krak nishonini berish tartibi to`g`risidagi nizom va nomzodlarning hujjatlarini o`rganish bo`yicha samarali tizim ishlab chiqildi va tasdiqlandi. “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoniga nomzodlarni o`rganish va taqdim etish etti bosqichda aniq umumiy talablar asosida amalga oshirildi. Fuqarolar yig`ini raisi o`rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo`yicha maslahatchi rahbarligida “Nuroniylar jamoatchilik kengashi” tomonidan ko`krak nishoniga nomzodlar ro`yxati shakllantirildi. Ko`krak nishoniga har bitta nomzod bo`yicha fuqarolar yig`inidagi jamoatchilikning fikri batafsil o`rganib chiqildi.

15.JPG

Joriy yilda respublika bo`yicha jami 873 nafar keksa avlod vakili “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi. Shundan 182 nafari qishloq xo`jaligi, 59 nafari iqtisodiyot, 102 nafari ishlab chiqarish, 49 nafari madaniyat, sport, 247 nafari fan, 78 nafari jamoat tashkilotlarida samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shgan nuroniylardir. Shuningdek, ushbu ko`krak nishoni bilan ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldida mas`uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalar ham taqdirlandi.

– Prezidentimizning biz nuroniylarga judda katta g`amxo`rlik ko`rsatib, duoyu nasihatlarimizni olishni o`zining ezgu maqsadi deb bilishi barchamizni behad xursand qilmoqda, – deydi front orti mehnat faxriysi, I darajali “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni sohibi Xumoyuddin Sharofiddinov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Mehnat faxriysi” ko`krak nishonining ta`sis etilishi ham bizga bo`lgan yuksak hurmat va e`tiborning namunasidir. Biz bunga javoban Yurtboshimizning mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, xalqimizning baxti va farovonligini ta`minlash borasidagi siyosatini har tomonlama qo`llab-quvvatlab, bu ishlarning mazmun-mohiyatini yoshlarning ongi va qalbiga singdirishni o`z burchimiz, deb bilamiz.

17.JPG

Tantanali marosimda I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” nishonlari o`z egalariga topshirildi. San`at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosarlari – O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi Vasiylik kengashi raisi Q.Akmalov, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisi T.Norboeva so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar