17-18 aprel kunlari xonanda Bunyodbek Saidovning «Ustozlarni eslab» nomli yakkaxon konsert dasturi bo`lib o`tdi, deb yozadi Kunutun nashri.
Konsertning asosiy qismi ustoz san`atkor Komiljon Otaniyozovning xotirasiga bag`ishlandi. Shuning uchun ham Bunyodbek Saidov dasturni har ikki qismini ham Komiljon Otaniyozov repertuaridan bo`lgan qo`shiqlardan tayyorlangan popuri hamda oldindan tayyorlangan maxsus videolavha bilan boshladi.
Bu safar konsertda xonanda rang-baranglikka ko`proq e`tibor berdi. Konsert davomida muxlislar nafaqat xorazmcha, balki estrada yo`nalishidagi hamda vodiy va voha uslublaridagi taronalardan, sirli duetlardan, kayfiyatni ko`taruvchi xazilomuz sahna ko`rinishlari, takrorlanmas raqslardan bahramand bo`lishdi.
Dastur davomida 27 ta eski va yangi qo`shiqlar ijro etilgan bo`lsa, shular qatoridan Bunyodbek Saidovning Jenisbek Piyazov, Dilnoza Ismiyaminova, Sabina bilan kuylagan duet qo`shiqlari ham o`rin olgan. Shuningdek dasturda O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov sovg`a qilgan qo`shig`i ham jarang sochdi. Qiziqchi Shukurillo Isroilovning ichakuzdi hangomalari esa tomoshabinlarga yuqori kayfiyat bag`ishladi.
Konsertda Ortiq Otajonov, Og`abek Sobirov, Botir Qodirov, Farhod Saidov, Hulkar Abdullaeva, Manzura, Ali Otajonov, Anvar Sobirov, Aziz Rametov boshqa ko`plab san`at vakillari mehmon bo`lishdi.