1

Ramazon mavsumida 670 nafar ziyoratchi Umra safariga yuboriladi

Jamiyat 25.06.2014, 12:14
Ramazon mavsumida 670 nafar ziyoratchi Umra safariga yuboriladi

Kuni kecha Toshkent Islom institutining majlislar zalida “Umra-2014” Ramazon mavsumini namunali tashkil etish  bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda  Din ishlari bo`yicha qo`mitaning rasmiy sayti xabar beradi.

Yig`ilishda Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari va guruh rahbarlari (ellik boshilar) ishtirok etdilar. Yig`ilishda umra ziyoratchilariga har tomonlama shart-sharoitlar yaratish maqsadida kerakli ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, guruh rahbarlari umra ziyoratchilari uchun tayyorlangan arab tili bo`yicha qo`llanma hamda Saudiya Arabistoni Podshohligidagi tartib-qoidalar  bilan tanishtirildilar.

Joriy yilda mamlakatimizdan bahor va Ramazon mavsumlarida 6400 nafar fuqaro umra safariga yuborilishi mo`ljallangan edi. Shulardan 5730 nafari bahor qolgan 670 nafari (kunning juda isib ketishini hisobga olib) Ramazon mavsumida yuborilishi belgilandi. Hozirgi kunda 670 nafar ziyoratchilar hujjatlari Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga rasmiylashtirish uchun kiritilmoqda.

Joriy yilda o`zbekistonlik ziyoratchilar yashashlari uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy” bilan yonma-yon joylashgan “Nur Mavadda”, Makka shahrida esa Haramdan 1500-2000 metr uzoqlikdagi “Nama Mavadda” mehmonxonalari ijaraga olingan (bugungi kunda Makka va Madina shaharlarida qayta qurish ishlari keng ko`lamda davom etayotganligi bois Makka xarami atrofidagi barcha mehmonxonalar buzilmoqda).

Fuqarolarimizga qulayliklar yaratish maqsadida uch mahal ovqatlanishlari uchun mehmonxonalarning o`zida oshxona tashkil etiladi. Mehmonxonalarda hojilarimiz eb-ichishlari uchun 24 soat davomida issiq choy, har bir qavatda zam-zam suvlari hamda ho`l mevalar burchagi tashkil etiladi.

Fuqarolarimiz sog`liklarini doimiy nazorat qilib turish maqsadida mehmonxonalarda minishifoxona faoliyati yo`lga qo`yilgan bo`lib, ziyoratchilarimiz doimiy ravishda kunduzgi va tungi ko`riklardan o`tkazib turiladilar.

Ziyoratchilarimiz uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun`iy yo`ldosh orqali O`zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo`layotgan voqealardan xabardor bo`lish imkoniyatlari yaratiladi.

Hojilarimizni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etilishi aytib o`tildi.

Yig`ilish so`ngida guruh rahbarlari tomonidan berilgan savollarga mas`ullar tomonidan  javoblar qaytarildi.

O`quv seminari yakunida guruh rahbarlari test sinovlaridan o`tkazildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1