“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida respublikamizning ekologik jihatdan noqulay mintaqalarida yashovchi aholiga sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish maqsadida “Salomatlik poezdi" aksiyasini o`tkazmoqda. Bu xaqda O`zA xabar berdi.
Aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan mazkur aksiya doirasida 2018 yilning yanvar oyida Andijon viloyatiga “Salomatlik poezdi" jo`natilgan edi.

Unda mutaxassislar tomonidan 734 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Tibbiy ko`rik bilan bir qatorda viloyatdagi tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiena vositalari tarqatildi. Shuningdek, joriy yilning mart oyida Navoiy viloyatida amalga oshirilgan “Salomatlik poezdi" aksiyasi doirasida mutaxassislar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan ikki mingga yaqin aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazdi. 
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan xayriya aksiyasi doirasidagi navbatdagi “Salomatlik poezdi" Qoraqalpog`iston Respublikasining chekka hududlariga yo`l oldi. Toshkent–Qoraqalpog`iston–Jasliq–Toshkent yo`nalishidagi “Salomatlik poezdi" 27 aprelga qadar aholiga tibbiy yordam ko`rsatadi. “Salomatlik poezdi"da yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko`rsatishi rejalashtirilgan. 
Mazkur poezd Qoraqalpog`iston, Jasliq stansiyalarining yaqin hududlaridan tashqari fondning hududiy filiali ko`chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug`ruq komplekslariga hamda ko`zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga tibbiy ijtimoiy yordam ko`rsatadi.






