Ustoz hamisha otadek ulug`lanadi. Chunki u shogirdining kelajagi uchun bor ilmi, qalb-qo`rini beradi. O`quvchisining yangi marralarni zabt etganidan quvongan ustoz, farzandining yutuqlaridan shodlangan ota... Bu o`rinda ularning holati bir biriga juda o`xshab ketadi.
Afsuski, guruch kurmaksiz bo`lmaydi degani ham bor gap. Jizzax viloyati korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi tomonidan tezkor tadbir “natijasi” kishini o`yga toldiradi.
Tezkor tadbirda institut o`qituvchisi Jo`raqul Qoraev 4-bosqich talabasi Mirsolih Bobojonovdan 100 dollar talab qilib, 800 ming so`m pulni ushbu ta`lim muassasasining o`quv xonalaridan birida firibgarlik yo`li bilan olayotgan vaqtda qo`lga tushdi. (Materialda keltirilgan ism-familiyalar o`zgartirilgan, to`g`ri kelgan har qanday o`xshashlik tasodif sanaladi).
Ma`lum bo`lishicha, Mirsolih Bobojonov G`allaorol tumani, Sarbazor mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiladi. U ayrim sabablarga ko`ra o`qituvchi Qoraevning darslarida qatnashmagan. O`qituvchi talabadan qoldirilgan darslar o`rnini “to`ldirish” uchun 100 dollar berishini talab qiladi. Mirsolih Bobojonov o`qituvchining bu hatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi.
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb yozadi O`zA.
20.04.2018 08:58
Politexnika instituti o`qituvchisi pora olayotganda qo`lga tushdi






