Bugun, 20 aprel soat 16.00da “Mening fikrim” maxsus veb-portali ishga tushirilib, fuqarolardan elektron jamoaviy murojaatlarni qabul qila boshlaydi. Bu haqda Taraqqiyot strategiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
"Elektron murojaatlar kiritish quyidagi 4 bosqichda amalga oshiriladi: avtorizasiya va murojaatni yaratish, ekspertiza va murojaatni joylash, murojaatga ovoz berish hamda murojaatni ko`rib chiqish", deb bildirilgan xabarda.
Eslatib o`tamiz, 2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida “Mening fikrim” maxsus veb-portali yaratilishi belgilangan edi. Bunda internet tarmog`ida Parlament va fuqarolar o`rtasida elektron jamoaviy murojaat kiritish imkoni beruvchi maxsus maydon yaratish nazarda tutilgan edi.
www.meningfikrim.uz portali O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi qonunchilik muammolari va Parlament tadqiqotlari instituti hamda qator mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.






