O`zbek ayolining fitrati — mo``jiza. Shu sabab, ahli olamning hayratiga sazovor. Buyukligining siri, qudratining kuchi shunda. U — jamiyat ko`zgusi, millatning davomchisi.
Ayol — tarbiyashi. Shunday ekan, jamiyat oldidagi ilk vazifa uning ma`naviy xazinasini boyitish, uni ma`rifatga oshno qilib, ko`nglini mehr javohirlari bilan to`ldirish.
Endi mart oyini O`zbekiston xotin-qizlari yana bir unutilmas, shirin xotiralar bilan eslaydi! Sababi, ayni shu oy Muhtaram Prezidentimiz istagan va kutgan, O`zbekiston xotin-qizlarining minbariga aylanadigan «Dugonalar» jurnali nashr yuzini ko`rdi.
Hozirgina «Yoshlar ijod saroyi»da ushbu jurnalning taqdimot marosimi bo`lib o`tdi.
Shoir-yozuvchilar, mutasaddi tashkilotlar vakillari va mamlakatimizning eng chekka hududlarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar, shuningdek, vatanimiz ravnaqiga hissa qo`shgan faol ayollar, faxriyalar ishtirok etdi.
— Yoshlarni ma`rifatli qilib tarbiyalash, zamonaviy namunali oilalarni shakllantirish va qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha olib borilayotgan maqsadli ishlarni yanada kuchaytirish, mamlakatimizdagi ayollar bilan muloqot qilishning eng yaxshi vositasi bo`lishini ta`minlash, yoshlarning, xususan, qizlarning erishgan yutuqlari, shuningdek, mamlakatimizdagi eng faol va oqila xotin-qizlarning ibratli hayot yo`llarini namuna sifatida ko`rsatish jurnalning bosh g`oyasidir, — dedi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Dilnoza Kattaxonova.
Taqdimot marosimi Sharof Rashidovning «Dugonalar» she`riga bastalangan qo`shiq bilan ochildi. Jurnal mazmun-mohiyatini aks ettirgan videolavha esa yig`ilganlarga katta taassurot qoldirdi!
O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said O`zbekiston xotin-qizlarini ushbu minbar bilan tabriklab, jurnalning keyingi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat tiladi.
— Jurnal mamlakatimiz xotin-qizlari uchun eng yaqin dugonaday qadrli bo`ladi, — dedi «Dugonalar» jurnalining bosh muharriri Halima Xudoyberdieva.— Biz, bu uchun barcha imkoniyatlarimizdan foydalanamiz. Yurtboshimizga xotin-qizlar nomidan o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz!
Taqdimot marosimi davomida jurnalning keyingi faoliyati xususida fikr-mulohazalar yuritildi, ishtirokchilar tomonidan takliflar berildi.
Tadbir so`nggida bir juft diltortar mumtoz qo`shiq yig`ilganlarga yanada xushkayfiyat ulashdi.