Axborot xizmatlari hamkorlikka tayyor

Jamiyat 26.06.2014, 10:41
Axborot xizmatlari hamkorlikka tayyor

Poytaxtimizda axborot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik bilan samarali hamkorligi masalalariga bag`ishlangan seminar-trening boshlandi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi. Tadbir Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan O`zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi ko`magida tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining hayotga tatbiq etilishi axborot sohasini isloh etishning mantiqiy davomi bo`ldi. Ushbu islohotlardan ko`zlangan asosiy maqsad ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarini erkin rivojlantirish va mustaqilligini ta`minlash, ularning huquqiy va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, ular faoliyatini tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish, ijtimoiy faolligini oshirishdir.

Seminar-treningning dastlabki kunida ishtirokchilar davlat organlari faoliyati to`g`risida jamoatchilikni xabardor qilish sohasidagi milliy me`yoriy-huquqiy baza, shuningdek, aholi, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining axborotdan keng foydalanishini ta`minlashning huquqiy mexanizmlari bilan tanishtirildi. Shu o`rinda O`zbekiston Respublikasining joriy yil 6 mayda kuchga kirgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi qonunining maqsad va vazifalari, asosiy qoidalarini ko`rib chiqishga alohida e`tibor berildi.

Ishtirokchilarga mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma`lumot berildi. Ayni paytda me`yoriy-huquqiy va metodologik baza takomillashtirilayotgani, axborot xizmati ko`rsatishning yagona standartlari joriy etilayotgani ta`kidlandi. Masalan, o`tgan yili 2013-2020 yillarda O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunisiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur aholining davlat hokimiyati organlari bilan o`zaro munosabatlarni elektron shaklda amalga oshirishini ta`minlash, davlat boshqaruvi tizimiga “Yagona oyna” tamoyilini joriy etish kabi vazifalarni o`z ichiga olgan. Shuningdek, dasturda “elektron hukumat” tizimining ma`lumotlar bazasi va axborot tizimlari kompleksini yaratishga doir tadbirlar ham belgilangan.

Aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga “Yagona oyna” tamoyili bo`yicha interaktiv davlat xizmatlarini taqdim etayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali shunday komplekslardan biridir. Tadbir qatnashchilariga portalning funksional imkoniyatlari, shuningdek, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`zaro hamkorlik jarayoni haqida so`zlab berildi.

Tadbirda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash sohasida amalga oshirilayotgan tizimli monitoring jarayonlari natijalari tinglandi, davlat boshqaruvi organlarining ommaviy axborot vositalari bilan o`zaro hamkorligi samaradorligi bo`yicha ekspertlar fikri e`lon qilindi. Chunonchi, 2013 yil va joriy yil birinchi choragi yakuniga ko`ra, davlat organlari tomonidan uch yuzga yaqin matbuot anjumani o`tkazildi, etakchi mutaxassislarning televidenie orqali to`rt yuzta chiqishi tashkil etildi.

Jizzax va Namangan viloyatlari hokimliklarining O`zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi texnik ko`magida tashkil etilgan axborot xizmatlarining taqdimoti ham o`tkazildi. Ushbu xizmatlarning samarali faoliyat ko`rsatishi natijasida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida aholi xabardorligi sezilarli darajada oshmoqda.

Seminar-treningning ikkinchi kuni tadbirning amaliy qismi bo`lib o`tadi. Unda davlat organlari rasmiy veb-saytlarining samarali faoliyat ko`rsatishini ta`minlash, shuningdek, “elektron hukumat”ni joriy etish orqali davlat boshqaruvi tizimini faol rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1