19 aprel kuni Yoshlar ittifoqining Imkoniyati cheklangan yoshlarni qo`llab-quvvatlash markazi rahbari Ra`no Shodieva hamda Yosh ijodkorlar Kengashi raisi Mehrinoz Abbosova Shovot tumanidagi 1-sonli maktabning o`quvchilari bilan ijodiy muloqot o`kazdi. Bu haqda Qahramon Quronboevning Facebook’dagi sahifasida xabar berildi.
Uchrashuv samimiy suhbatdan boshlandi. Maktab o`quvchilari o`zlarining qiziqishlari haqida gapirib berdi. O`quvchilarning matematika, fizika, ingliz tiliga bo`lgan qiziqishi mehmonlarni quvontirdi.
Biz Og`abekni kashf etdik. 6-sinf o`quvchisining urush haqida yozgan she`rlaridan shuni angladimki, hayotda maqsadsiz yashashga haqqimiz yo`q. Mana shu hisni anglab etganingiz uchun tashakkur, — dedi Mehrinoz Abbosova muloqot davomida.
Maktab o`quvchilari o`zlarining yozgan she`rlaridan namunalar o`qib berdi. Faol ishtirokchilarga mehmonlarning maxsus sovg`alari taqdim etildi. O`quvchilarning quvonchi cheksiz.
Shundan so`ng, Ra`no Shodieva Urganch shahridagi 96-sonli maktab-internatiga, Mehrinoz Abbosova esa Yoshlar markazida o`tkazilishi kutilayotgan ijodiy uchrashuvga yo`l oldi.
Ijodiy uchrashuvda xorazmlik yosh ijodkor Hulkar Rajabovaning she`rlarini tinglagan M.Abbosova uning ilk she`riy kitobini nashrdan chiqarishga va`da berdi.
— Ko`zlaringizdagi, she`rlaringizdagi samimiylikni ko`rib hayratda qoldim. Ayniqsa, kitobga bergan tashbehingiz xotiramda qoladi. Sizning ilk kitobingizni Yosh ijodkorlar kengashi nashr qiladi, — dedi M.Abbosova.
Suhbat davomida Rahmat Bobojon taxallusi ostida ijod qiluvchi o`quvchining ham hikoyalar va she`rlar to`plami nashrdan chiqarilishiga kelishildi.