«Geodeziya va kartografiya to`g`risida»gi Qonunning ijro etilishi ko`rib chiqildi

Jamiyat 27.06.2014, 12:13
«Geodeziya va kartografiya to`g`risida»gi Qonunning ijro etilishi ko`rib chiqildi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta`lim madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan 2014 yilning 26 iyun kuni «Geodeziya va kartografiya to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining «Ergeodezkadastr» davlat qo`mitasida ijro etilishining borishi yuzasidan o`tkazilgan nazorat-tahlil faoliyati yakuniga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy sayti xabar beradi.

Erning sun`iy yo`ldosh tizimlariga asoslangan zamonaviy navigasiya texnologiyalarini qo`llagan holda O`zbekiston Respublikasining 70 foiz hududi bo`ylab 1-toifali Sun`iy yo`ldosh geodeziya tarmog`i yangidan yaratilib, davlat geodeziya tarmog`i ishchi holatiga keltirilgan. 2013 yil davomida Aerogeodeziya korxonalari tomonidan Farg`ona vodiysi viloyatlari hududida 35 ta, Qashqadaryo va Samarqand viloyatida 45 ta, Surxondaryo viloyatida 18 ta yangi geodeziya punktlari qurilgan.

O`zbekiston hududi bo`ylab I va II toifali nivelirlash ishlari, ya`ni mamlakat hududi er yuzasining perimetri, er yuzasining vertikal tebranishlari holatidagi o`zgarishlarni mukammal aniqlash bo`yicha tadqiqot ishlari yakuniga etkazilib, bugungi kunda davlat balandlik geodeziya tarmog`iga oid ma`lumotlarni o`zida jamlagan kataloglar chop etilgan va ulardan foydalanilmoqda.

Tadbirda geodeziya va kartografiyaga oid faoliyat bilan shug`ullanuvchilarga lisenziyalar berish ishlarining qonuniy asoslari etarli darajada takomillashtirilmaganligi ta`kidlandi. Hozirgi kunda mazkur faoliyat bilan 176 ta sub`ekt lisenziya asosida shug`ullanib kelmoqda. Ularning 167 tasi geodeziyaga oid, 9 tasi kartografiyaga oid faoliyat olib borish huquqini beruvchi lisenziyaga ega. Mazkur sub`ektlarning 57 tasini davlat ulushi bo`lgan tashkilotlar, 119 tasini esa xususiy korxonalar tashkil etadi.

Yig`ilishda geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shug`ullanishni xohlovchilar soni yil sayin oshib borayotganligiga ham e`tibor qaratildi. Birgina 2014 yilning o`tgan davrida soha doirasida 23 ta tashkilotga, shundan 11 davlat ulushi bo`lgan, tashkilotga12 xususiy tashkilotga lisenziya berilgan.

Bugungi kunda interaktiv davlat xizmatlarini axborot kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llagan holda amalga oshirish, soha imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali tadbirkorlar va ishbilarmonlarga qulay imkoniyatlar yaratish, shu usuldan foydalanib turizm va servis sohasini rivojlantirish, kommunal xizmatlar to`lovini masofadan turib amalga oshirish kabi bir qator hukumat topshiriqlarini ro`yobga chiqarishda zaruriy ma`lumotlarni geografik ob`ektlarga mutanosib ravishda o`zaro bog`lash maqsadida «Ergeodezkadastr» davlat qo`mitasi tomonidan mamlakatimiz hududida joylashgan geografik ob`ektlarning joylashuvi matematik modellarga asoslangan holda raqamli xarita va planlar shaklida yaratilmoqda.

Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasining jahon global iqtisodiyotining tarkibiy qismiga aylanganligi, mamlakat hududidan xalqaro tranzit yo`llarning o`tishi, dunyo okeanlariga chiqish maqsadida qo`shni davlatlar bilan hamkorlikda yangi temir yo`llar va avtomobil yo`llarining qurilishi, ko`plab yo`nalishlarda xalqaro havo yo`llarining tashkil etilishi, logistika markazlarining bunyod etilayotganini hisobga olib geodeziya va kartografiyaga oid huquqiy bazani ham zamon talablari asosida takomillashtirish zarurligiga yig`ilishda asosiy e`tibor qaratildi. Tadbir yakunida Qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1