1

O`zbekistonda 1,27 tonna narkotik moddalar yo`q qilindi

Jamiyat 27.06.2014, 14:16
O`zbekistonda 1,27 tonna narkotik moddalar yo`q qilindi

Toshkentda 26 iyun – Xalqaro narkotik moddalarni suiiste`mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kunida O`zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan 1,27 tonna narkotik moddalar yo`q qilindi. Bu xaqda O`zA rasmiy sayti xabar qiladi. 

Sudlarda ashyoviy dalil sifatida ko`rsatilgan narkotik vositalarni maxsus domen pechlarida yoqish orqali yo`q qilish amaliyoti mamlakatimizda 1994 yildan buyon qo`llanib kelinmoqda. Har yili ushbu tadbir BMT, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, Giyohvandlik moddalarini nazorat qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi davlat komissiyasi a`zolari, huquqni muhofaza qilish organlarining mas`ul xodimlari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirokida o`tmoqda. O`tgan 20 yil davomida mamlakatimizda jami 52 tonna narkotik vositalar yoqib yuborildi.

Shu kuni davlatimiz rahbariyati topshirig`iga binoan O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan 700 kilogrammdan ziyod opiy, 266 kilogrammdan ziyod marixuana, 175 kilogramm nasha, 85,3 kilogramm geroin, katta miqdorda ko`knori, nasha o`simligi, shuningdek, tabletka va eritmalar shaklidagi narkotik moddalar yo`q qilindi. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ma`lumotlariga ko`ra, 2013 yilda mamlakatimizda 2,3 tonnadan ziyod narkotik vositalar musodara qilingan. «Qoradori – 2013» operasiyasi davomida umumiy maydoni 1,04 gektar erga tarkibida narkotik moddalar bo`lgan o`simliklar ekilgani haqida 1223 holat aniqlangan, 1,54 gektar maydondagi yovvoyi nasha o`simligi yo`q qilingan. Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi (sotish, kontrabanda, tarkibida giyohvandlik moddalari mavjud ekinlarni ekish va bangixonalar tashkil etish) bilan bog`lik 7680 jinoyat sodir etilgan. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori A.Mansurov ayni paytgacha dunyodagi narkotiklar ishlab chiqaruvchi eng yirik mamlakat bo`lib qolayotgan Afg`oniston bilan qo`shnichilik O`zbekistonda giyohvand moddalar bilan bog`liq vaziyatga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan asosiy omil ekanini ta`kidladi. Afg`onistonda ishlab chiqarilgan narkotiklar O`zbekistonga asosan Tojikiston, Qirg`iziston va bevosita Afg`onistondan Amudaryo orqali kirib kelmoqda. 

Tadbir ishtirokchilari e`tiboriga giyohvandlik bilan bog`liq jinoyatchilarni qo`lga olish paytida tasvirga tushirilgan videoroliklar namoyish etildi. Shuni ta`kidlash kerakki, 2013 yilda qo`lga olinganlar orasida Afg`oniston, Tojikiston, Rossiya, Qirg`iziston, Eron va boshqa xorijiy davlatlarning 111 nafar fuqarosi ham bor. Ular narkotiklarni yashirishning eng tuban usullaridan foydalanmoqda. Narkotiklarni meva-sabzavotlar ichida, transport vositalarining xufiya joylarida, uy-ro`zg`or buyumlarida va boshqa ko`plab usullarda olib kirishga urinishlar bo`lmoqda. Masalan, 2013 yilning may oyida Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkentda qo`lga olingan afg`onistonlik Abdul Holiq Muhammad Rizo oshqozonida geroin solingan 57 polietilen kapsula, shuningdek, u olib o`tayotgan gilamga qo`shib to`qilgan ingichka elim paketlarda yana ikki kilogrammdan ortiq geroin borligi aniqlandi. 

O`tgan yilning may oyida qo`shni mamlakat fuqarosi Murtazo Quvvatov O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi davlat chegarasi orqali narkotiklar olib o`tishga qaror qilgan. Unda qariyb 6 kilogramm opiy, shuningdek, geroin topilgan. Yana bir jinoyatchi – Afg`oniston fuqarosi Mo`min Beknazar o`g`li Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida qo`lga olingan.

O`zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari, jumladan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo`shinlari, Davlat bojxona qo`mitasining birgalikdagi sa`y-harakatlari samarasida har yili narkobiznes bilan bog`liq ko`plab shunday qonunbuzarliklarning oldi olinmoqda. 

– Biz O`zbekistonning narkotik vositalarni suiiste`mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash borasidagi sa`y-harakatlarini ma`qullaymiz, – deydi BMTning Markaziy Osiyoda Narkotiklar va jinoyatchilik bo`yicha boshqarmasining mintaqaviy vakili vazifasini bajaruvchi Asif Majid.

– Narkobiznes – transchegaraviy muammo bo`lib, uni hal etish uchun milliy va davlatlararo darajalarda qat`iy hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi faqat shunday yo`l bilan kurashish mumkin. Ushbu «zahri qotil» har yili butun dunyoda 200 ming nafar kishining umriga zomin bo`lmoqda.

Shu kuni, ya`ni 26 iyunda Avstriya poytaxtida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo`yicha boshqarmasi tomonidan «Narkotiklar to`g`risida butunjahon ma`ruzasi – 2014» taqdim etildi. Unda xalqaro ekspertlar 2013 yilda Afg`onistonda opiy ekilgan maydonlar 2012 yilga nisbatan 36 foizga kengaygani va 209 ming gektarga etgani haqida bong urgan. Shu bilan birga, opiy ishlab chiqarish ham ko`payib, bugungi kunda bu ko`rsatkich 5,5 ming tonnani tashkil etmoqda. Boshqa narkotik moddalar ishlab chiqarish miqdori ham oshgan. 

Mamlakatimizda ushbu illatga qarshi mustahkam to`siq qo`yilgan. Giyohvandlik moddalarini nazorat qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi davlat komissiyasining sa`y-harakatlari narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, ularni kontrabanda qilish yo`lini to`sish, giyohvandlik illati tarqalishining oldini olish, idoralararo hamkorlik va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Shu kunlarda mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurash bo`yicha o`tkazilayotgan oylik bu boradagi samarali ishlarga yorqin misol bo`la oladi. Oylik doirasida giyohvand moddalarni suiiste`mol qilish bilan bog`liq qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng ko`lamli tushuntirish ishlari olib borilayotir, yoshlar uchun giyohvand moddalarni suiiste`mol qilishning fojiali oqibatlariga bag`ishlangan turkum radioeshittirishlar va teleko`rsatuvlar tayyorlanmoqda, gazeta va jurnallarda maqolalar e`lon qilinmoqda. Korxonalar, o`quv muassasalari, mahallalar, bolalar yozgi oromgohlari, klublarda ma`ruzalar, davra suhbatlari, savol-javob kechalari o`tkazilmoqda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1