Shimoliy Koreyada qo`lga olingan amerikalik sayohatchilar sud oldida javob berishadi.
Ular mamlakat hududiga tashrif buyurib, KXDRga qarshi dushmanchilik ruhidagi harakatlarni amalga oshirganlikda ayblanmoqda, deya xabar beradi Koreya markaziy telegraf agentligi.
“Tergov natijalariga ko`ra, AQSh fuqarolariga nisbatan qo`yilgan ayblovlar o`z isbotini topdi. Sud ayblovlarni tasdiqlashi uchun KXDR tegishli organlari ushbu dalillarni ularga taqdim etishga tayyorlashmoqda”,-deyiladi xabarda.
Sud aynan qachon bo`lib o`tishi haqida ma`lumot berilmagan.
May oyida Shimoliy Koreyada AQSh fuqarosi Jeffri Edvard Foul mehmonxonada Injilni qoldirib ketgani uchun qo`lga olingan edi. Sayohatchi mamlakatga 29 aprel kuni tashrif buyurgan edi, ketish arafasida esa qo`lga olingan.
Aprel oyida yana bir AQSh fuqarosi KXDR hududida qo`lga olingani haqida xabar berilgan edi. Miller Metyu Todd o`zining turistik vizasini yirtib tashlagan va ushbu mamlakatdan siyosiy boshpana so`rashini ma`lum qilgan edi. Shimoliy Koreyada AQSh elchixonasi bo`lmagani sababli uning ishi bilan shvesiyalik diplomatlar shug`ullanishmoqda.