28-29 aprel kunlari Umid Ahmadjonov taklifiga binoan Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayh Ahmad al-Fahad al-Sabax boshchiligidagi delegasiya yurtimizda mehmon bo`ladi, deb xabar berdi MOQ.
O`zbek sportida olib borilayotgan keng ko`lamdagi islohotlar yo`lida respublikada iqtidorli sportchilar zaxirasini shakllantirish, ularning sonini oshirish, xalqaro arenalarda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlashda fan va tibbiyotning ahamiyatini hisobga olgan holda ilg`or xalqaro tajribalarni o`rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Osiyo Olimpiya Kengashi delegasiyasining poytaxtimizga tashrifi davomida tomonlar rasmiy uchrashuv o`tkazish bilan bir qatorda, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, sportchilarimizning Jakartadagi Osiyo o`yinlariga tayyorgarlik jarayoni, mamlakatimizda sport taraqqiyoti va Olimpiya harakatiga oid boshqa masalalarni ham muhokama qilishlari ko`zda tutilgan.
Delegasiya tarkibidan shuningdek, Husayn al-Musallam (Osiyo olimpiya kengashi Bosh kotibi), Haydar Farmon (Osiyo Olimpiya Kengashi "Osiyo o`yinlari-2018" direktori), Lyusen Alvares (Osiyo Olimpiya Kengashi kotibi), Ahmad Aziz al Attiya (Osiyo Olimpiya Kengashi media ofiseri)lar o`rin olgan.






