Mamlakatimizda milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratilgan bo`lib, fuqarolar sudlarga internet orqali murojaat qilmoqda.
Bunga imkon yaratgan E-Sud tizimi orqali sud jarayonlarining borishi haqida xabardor bo`lib turish hamda chiqarilgan sud hujjatlarini elektron shaklda qabul qilib olish imkoniyati ham mavjud.
Mamlakatimizga tashrif buyurgan AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning qonun ustuvorligi masalalari bo`yicha katta maslahatchisi Sara Logan E-Sud imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani sudiga tashrif buyurdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o`rinbosari Xolmo`min Yodgorov mehmonni E-Sud tizimining ishlash jarayoni, aholidan tushayotgan murojaatlarning qabul qilinishi va ko`rib chiqilishi bilan tanishtirdi.
Muloqot davomida mehmonga O`zbekiston sud sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so`zlab berildi.
E-Sud axborot tizimi mamlakatimizning barcha fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarida joriy etilgan. Tizimni boshqa axborot tizimlari bilan integrasiyalashtirish va fuqarolarga yangi interfaol xizmatlarni yaratish borasida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
2018 yilning birinchi choragida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga E-Sud tizimi orqali jami 204 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Shulardan 128 mingga yaqini sud buyrug`i berish to`g`risidagi, 76 mingdan ziyodi esa da`vo tartibida hal qilinadigan da`vo arizalaridan iborat.
Elektron sudlov fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish tezkorligini oshirdi. Tizim taraflarning ovoragarchiligi, turli sansolarliklar, ortiqcha qog`ozbozlik va boshqa sarf-xarajatlarga chek qo`ymoqda.
Muloqot yakunida Sara Logan O`zbekistonda islohotlar tezkorligiga guvoh bo`lganini bildirdi. Qonun ustuvorligini ta`minlash maqsadida fuqarolarning sudga murojaat qilishi uchun qulayliklar yaratilayotgani e`tiborga loyiq ekanini qayd etdi.






