O`zbekistonda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish dolzarb vazifalardan biri bo`lib turibdi, deya xabar beradi O`zA.
Bu yo`nalishda IIV Yo`l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan O`zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda «Transport kommunikasiyalarida avtomobillar harakatini kuzatish va nazorat qilishning markazlashtirilgan yagona axborot-kompyuter tizimini yaratish va joriy etishga qaratilgan kompleks dastur» ishlab chiqilgan.
O`zAning qayd etishicha, hozirgi vaqtda ushbu kompleks dasturni amalga oshirish bo`yicha dastlabki ishlar boshlangan. Agentlik xabarida ushbu yo`nalishdagi ishlar ko`lami, muddatlari to`g`risida qo`shimcha ma`lumotlar berilmagan.
Avvalroq, Toshkent shahridagi serqatnov chorrahalarga fotoradar va videokameralar o`rnatilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, 2014 yil boshida Toshkent viloyati yo`llariga kuzatuv kameralari o`rnatilayotganima`lum bo`lgandi.
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari vazifasini bajaruvchi, mayor O`ktam Rahmatovning so`zlariga ko`ra, chorrahalarga detektor, videokamera, fotoradar, fiksatorlar o`rnatilayotgani tufayli O`zbekistonda yo`l-transport hodisalarining kamayishiga erishilmoqda.





