AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: Xarob va fayzi yo`q joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham bo`lmaydi

'Shavkat Mirziyoev: Xarob va fayzi yo`q joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham bo`lmaydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 26 aprel kuni “Obod qishloq” dasturiga muvofiq qishloqlarni obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish va jadallashtirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qishloqlarda qurilish va obodonlashtirish ishlari kompleks yondashuvlar asosida olib borilmagani oqibatida qishloq aholi punktlarining me`moriy qiyofasi eskicha ko`rinishda qolgan edi. Ba`zi joylarda uylar tartibsiz qurilib, infratuzilma ob`ektlari qarovsiz ahvolga kelgandi.

Shavkat Mirziyoev: xarob va fayzi yo`q joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham bo`lmaydi. Ikkinchi tomondan, ular ham fuqarolarimiz, nima uchun ular sharoit yo`q joyda yashashi kerak? Biz qishloqlarni obod qilsak, u erdagi xalqning kayfiyati o`zgaradi, ularda o`z hayotini yanada yaxshilashga intilish paydo bo`ladi, qishloqlar iqtisodiy o`sadi. Buning natijasida Vatanimiz obod bo`ladi va mamlakatimizning iqtisodiy yuksalishi uchun yana bir muhim turtki bo`ladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax viloyati Do`stlik tumani Manas qishlog`ida amalga oshirilgan obodonchilik ishlari xayrli tajriba bo`ldi. Bu tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizdagi barcha qishloqlarni bosqichma-bosqich obod qilish maqsadida “Obod qishloq” dasturi ishlab chiqildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 martdagi farmoni va qarorida ushbu dasturni amalga oshirishga qaratilgan muhim vazifalar va mexanizmlar belgilab berildi.

Dasturga muvofiq joriy yilda respublikadagi har bir tumanda 2 tadan qishloqda, keyingi yildan boshlab esa har yili har bir tumanda 3 tadan qishloqda keng ko`lamli qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xususan, joriy yilda 368 ta qishloq obod qilinishi tasdiqlangan. 127 mingta uy-joylarni ta`mirlash va atrofini obodonlashtirish, 1 ming 900 kilometr ichimlik suvi tarmog`i, qariyb 2 ming kilometr elektr va 263 kilometr gaz tarmoqlari barpo etish, 850 ta ijtimoiy hamda 2 ming 400 ta bozor infratuzilmasi ob`ektlari qurish va ta`mirlash, 440 kilometr yo`llarni kapital ta`mirlash, 470 ta zamonaviy avtobus xarid qilish, 330 dan ziyod bekat qurish va yangi qatnov yo`nalishlarini ochish ko`zda tutilgan.

Prezident ushbu keng miqyosli ishlarni tashkillashtirish, moliyalashtirish, loyihalashtirish va sifatli bajarish bilan bog`liq har bir masalaga alohida to`xtaldi. Qishloqlarning bosh rejalarini ishlab chiqish, buning uchun zarur mablag` ajratish va maxsus shtablar ishini samarali tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Dasturning o`z vaqtida va sifatli bajarilishi qurilish materiallari ta`minotiga bog`liqligi ta`kidlanib, zarur materiallarni joylarga etarli miqdorda va arzon narxda etkazib berish masalalari ham muhokama qilindi.

Hokimliklarga uy-joylarni ta`mirlash uchun kerak bo`lgan qurilish materiallari turlari va miqdorini aniqlab, qishloqlarda ularning savdosini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Qishloqlar aholisi ma`naviyatini va huquqiy madaniyatini oshirish, ayrim odamlarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, hamma o`z uyi ostonasini o`zi obod qilishi zarurligini tushuntirish masalalariga ham e`tibor qaratildi.

Qishloqlarda muhandislik kommunikasiyalari va ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, maishiy xizmat turlarini ko`paytirish orqali aholi ehtiyojini qondirish, yangi ish o`rinlarini tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Muhokama qilingan masalalar bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar