1

Sig`indi ko`ngil

Mutolaa 28.04.2018, 18:22
Sig`indi ko`ngil

Ish bilan poytaxtga keldim. Bir oz muhim yumushlarim ham chiqib qoldi. Ko`p o`qib, ko`zimni toliqtirib qo`yibman shekilli, uzoqni yaxshi ko`rolmayapman. Durustroq vrachga ko`rinsam devdim. Shu sabab endi o`zimga qiz bolabop biron bir boshpana topmasam bo`lmaydi.

Xayriyat, xudo etkazdimi, kursdoshlarimdan birini tasodifan uchratib qoldim. O`qishni tugatib ketganimgayam to`rt oyga yaqin vaqt o`tibdi. Anchadan beri ko`rishmaganimiz uchun bir-birimizni savolga ko`mib tashladik:

– Turmushga chiqmadingmi? – so`radi o`rtog`im Fozil.

– Yo`q, hozircha buni o`ylamayapman, oldin yaxshiroq ishga joylashib olay.

– E, oddiy o`qituvchilikka o`qiganimizdan keyin baribir emasmi?! Bu kasbning katta-kichik lavozimi yo`q. O`zingni maorifga bag`ishladingmi, rahbarmisan yo o`qituvchi, bir xilda zahmat chekasan.

– Gaping to`g`ri, – ma`qulladim men.

– Toshkentda qancha yurasan? – so`radi u.

– Ikki yo uch oylar chamasi. Zerikib qoladiganga o`xshayman. Lekin davolanmasam bo`lmaydi. Sog`lik baridan muhim.

– Turadigan joying bormi? Endiyam yotoqxonaga borolmaysan-ku!

– Bilmadim...

– Uyimga olib ketay desam, qiz bolasan, – dedi u o`ylanib. Keyin bir qarorga keldimi, dedi: – Yur, men bilan. Birga ishlaydigan hamkasbimga uchrashib ko`raylik.

Fozil meni shahar chekkasidagi oddiygina oilaga joylashtirib qo`ydi. O`zi esa “Ikki oylik tikuvchilik kursini ham gaplashib qo`yaman, qiz bolaga hunar ham kerak bo`ladi. Bo`sh vaqtingda qatnayverasan”, deb qo`shib qo`ydi.

– Ko`nglimni tog`day ko`tarding, minnatdorman, – dedim xursand bo`lib.

– Hechqisi yo`q. Esingdami, menga imtihonlarda rosa yordam berarding, – dedi u samimiyat bilan.

* * *

Uy egalari ochiq ko`ngil odamlar ekan. Biri-biridan shirin uch nafar qizlari bor. Ular bilan tez til topishib ketdik. Qizaloqlar biram sho`xki, xuddi uloqchalarning o`zginasi. Bir hafta-o`n kun ichida men chinakamiga bu oilaning a`zosiga aylanib qoldim. Bizning ahil-inoqligimizdan qizlarning otasi va ko`zlarida doimo qandaydir dard aks etib turuvchi uy bekasi ham behad shod edilar.

Bir kuni shu ayol bilan suhbatlashib o`tirganimizda, gap orasida o`rinsiz savol berib qo`ydim:

– Turmush o`rtog`ingiz bilan boshqa-boshqa viloyatlardan ekansiz. Ota-onangiz sizni uzoq joyga turmushga berishga qiyinchilik bilan rozi bo`lgan bo`lishsa kerak.

U indamadi. Faqat ko`zlarini erga tikib, bir xo`rsinib qo`ydi. Boshqa bu haqda churq etmadim. Kunlarimiz shu zaylda bir tekis o`tayotgan pallada qizlardan biri shunday deb qoldi:

– Opajon, bugun uyimizga Xolida xolam kelarkanlar. Ularni biz ham ko`rganmiz-u, lekin hozir eslay olmaymiz. Oyim aytdilarki, kichkina xolam biznikiga borgan paytlarda hali yosh bola ekanmiz.

– Unday bo`lsa, mehmonni kutib olish uchun taraddud ko`ramiz. Men derazani artaman. Siz xonalarni yig`ishtiring, – dedim.

Oyna yuvishga latta ho`llayotsam, ayol ohista yonimga keldi. Undan-bundan gapirgan bo`ldi-da:

– Halitdan uzr so`rab qo`yay, singlimning fe`li g`alatiroq. O`zi siz qatori qiz. O`ylaymanki, uni to`g`ri tushunishga harakat qilasiz. Dadam vafot etgach, oyim yakka o`zlari katta qildilar. Tarbiyasi bo`sh, ko`ngli yarim, – dedi.

– Buyog`ini o`zimga qo`yib bering, singlingiz bilan qalin dugona bo`lib ketamiz, mana ko`rasiz, – deya xushhol javob qaytardim.

Bir oz vaqt o`tgach, eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Ayol borib eshikni ochdi. Ozg`in, qoshlari chimirilgan, sarg`imtir tusli, yoshi yigirmani qoralab qolgan qiz bilan katta yoshli bir juvon kirib keldi. Ular bir-birlariga ancha tikilib turib qolishdi. So`ng ayol o`zini juvonning bag`riga otdi, bir oz yig`lab olishgandan keyin so`rashish navbati qizga keldi.

Opa-singillarning o`zaro munosabati meni qiziqtirardi. Mana, hozir necha yillardan beri ko`rishmagan egachilar yana qancha ko`z yoshi qilib olishsa kerak, deb o`yladim. Biroq qiz “Salom”, deb ayolning yonidan beparvo o`tdi-yu, ularga peshvoz chiqqan pochchasiga erinibgina qo`l cho`zib qo`yaqoldi. Eshikdan urishib-turtishib kelgan qizlar o`zlarini xolajonining quchog`iga otishdi, begonasirashmadiyam. Ammo ularni erkalab, o`pib qo`yish u yoqda tursin, “Boringlar, tashqarida o`ynanglar!” deyishdan nariga o`tmadi. Men tomonga-ku, aqalli nazar ham tashlab qo`ymadi. Ana xolos!

Tavba, rostdan ham g`alatiroq qiz ekan. Uning ko`ngliga qo`l solish bamisoli o`tmas arra bilan daraxt qirqishdek gap bo`lsa kerak. Haytovur, sherigi — o`rta yoshlardagi qorachadan kelgan juvon quyuqqina so`rashdi. Bu ayol ham ularga qarindosh ekan. Choy-poyga unnayotsam, uy bekasi oshxonaga mehmon ayolni boshlab kirdi. Ular past ovozda nimalarnidir pichirlab gaplashishardi. Yonginasida turganim uchun, xohlasam-xohlamasam gaplari qulog`imga chalinib turardi. “Men bugun qaytmasam bo`lmaydi”, deb nimalarnidir uqtira boshladi mehmon. “U yoqda qiladigan zarur ishlarim ko`p. Buning har kimnikida tentirab yuribdi. Et-bilan tirnoqni ajratib bo`lmaydi. Shu yoshgacha qishloqdan boshqa joyga chiqmadi. Imkoning kelsa, biron o`qishga joylab qo`y. Sengayam, ungayam ichim achiganidan olib keldim. Bolani boshqa qiynama, axir”, – dedi kuyinib.

Beka unga javoban bosh irg`ashdan nariga o`tmasdi. Menga parvoyam qilishmadi. Bir soat o`tar-o`tmas, juvon ketishi kerakligini aytib uy egalaridan uzr so`radi.

– Shuncha uzoq yo`ldan keldingiz, bir-ikki kun dam oling, shahar aylantiramiz, – dedi oila boshlig`i.

– Shundog`am qaynsinglingizni tashlab ketyapman. O`qiyman, devdi. Endi Xolidaga o`zinglar qarashvorarsizlar. Tushungan odamsiz, men yo`rig`ini bilmayman.

Shunday deb o`rnidan turdi. Biz ularni kuzatib qo`ydik.

* * *

Mashg`ulotlarga haftasiga olti kun bir soatdan qatnayotgan edim. Qo`lim tikishga ancha o`rganib qoldi deganimda, doktor “Davolanayotgan paytda ko`zingizga zarar” deya uniyam man qildi. Endi buyog`iga kun bo`yi uyda o`tiraman. Men, Xolida va qizlar uyda qolamiz. Darvoqe, oldiniga mehmon qizning fe`li tor ekan, deb ko`nglim sovigandi. Keyin esa rostini aytsam, uning tabiati, fe`l-atvoriga rosa qiziqib qoldim. U menga yoqdi, desam ham bo`laveradi. O`tayotgan kunlarda opa-singilning biron marta gaplashib o`tirganini ko`rmadim. Go`yo to`qnash kelib qolishdan qo`rqqandek o`zlarini olib qochishardi. Nima bo`lgandayam, mening taajjublanib qo`yishdan boshqa ilojim yo`q edi.

Bir kuni ertalab hovliga chiqdim. Er-xotin barvaqt turib ishga ketib bo`lishgandi. Qizlar qiy-chuv solib quvlashmachoq o`ynashayapti. Nariroqda tosh ustida ularni xolasi parishongina kuzatib o`tiribdi. Asta yoniga borib cho`kkaladim. Kichkintoylarning beg`ubor qo`zichoqday sakrashiga havasim kelganidan beixtiyor:

– Qanday ajoyib qizlar, – dedim. Diqqatini bo`lganim uchunmi, “hamrohim” ko`z ostidan norozi qiyofada qarab qo`ydi. Uni gapga solishning ayni mavridi ekanini bilib, beparvo ohangda gapimni davom ettirdim:

– Shunaqa shirin jiyanlaringiz borligidan boshingiz osmonga etsa kerak?

U javob o`rniga sukut saqlashni lozim topdi. Suvi siqilgan limonday “puchayib” qoldim. Mug`ambirligim tutib:

– Bilaman, rosa yaxshi ko`rasiz, – qo`shib qo`ydim bo`sh kelishni istamay.

– Hech qachon yaxshi ko`rmayman, – dedi u kutilmaganda tomdan tarasha tushganday qilib qo`rs ohangda va ko`zimga tik qarab gapini davom ettirdi:

– Ular mening jiyanlarim emas, dushmanlarim! Ko`rishga ko`zim yo`q ularni, – dedi-yu, shart o`rnidan turib, qizlar tomonga qarab ketdi.

Negadir shu tobda oyimga taqlid qilib yoqamni ushlab qo`ydim. Bekorga ularni eslaganim yo`q. Yurgan yo`limda nasihatlarini qulog`imga quygani quygan: “Qizim, aka-opangning bolalari senga tug`ishgan uka-singling kabidir. Jigarbandingning bolasi o`z bolangdan kam bo`lmaydi”.

Uyga kirganimda tashqaridan Xolidaning baqirib-chaqirgani, qizlarning yig`lagan ovozi eshitildi. Urishib qolishdi shekilli.

Hash-pash deguncha bir yarim oy vaqt o`tib ketganini sezmay qolibman. Menga bular qanchalik mehribonlik qilishmasin, baribir uyimni juda sog`inib ketdim. Ayniqsa, oyimni. Shuni o`ylaganim hamono piqillab yig`lab yubordim.

– Nega yig`layapsan?

Xolida xonaga qachon kirdi ekan?! Kap-katta qiz qilig`imdan uyalib ketdim.

– Uyimni sog`indim, – dedim o`zimni arang to`xtatib hiqillagancha. Bir nafas jim bo`lib qoldik.

– Men ham, – deya pichirladi ovozi bo`g`ziga tiqilib gapida davom etdi: – Lekin kimni? Buni o`zim ham bilmayman. To`g`risini ayting, opamga o`xshaymanmi?

– E`tibor bermaganman... O`xshasangiz kerak. Harholda opa-singilsizlar.

– Hecham opa-singil emasmiz. Manavi jinqarchalar mening hech qanaqa jiyanlarim emas, singillarim bo`ladi.

– Aytgandim-ku, ularni yaxshi ko`rasiz deb.

– Men buni gapirayotganim yo`q. To`rtalamizni bitta ayol dunyoga keltirgan demoqchiman.

– Nima sizlarni asrab olishganmi?

– Sig`indi bo`lganimdan ko`ra asrandi bo`lganim ming karra afzal edi. Bir kuni kimgadir ko`nglimni ochishim aniq. Sizga hammasini gapirib beraman.

“Ha, shular mening o`rnimni egallashgan. Qanchalik harakat qilmay, yaxshi ko`rolmayman ularni. Go`yoki, hammasiga qizaloqlar aybdordek. Aslida-ku, bu norasidalarda zarracha ham gunoh yo`q. O`sha siz opam deb o`ylagan ayol — mening tuqqan onam. U bir paytlar hozirgi ko`rinishidan ming chandon go`zal bo`lgan. Ishonmasangiz, mana ko`ring — uning surati. Doim yonimda olib yuraman. O`sha paytda qishloqning eng oldi qizi bo`lganligidan o`ziga bino qo`yib, ota-ona ra`yiga ham qaramay, o`zi sevgan yigit bilan turmush quradi. Shunisi yomonki, oilada qaynanasining gapini bir pulga qimmat deb biladi. Sababi, u o`zini husnda va aqlda tengsiz deb hisoblagan. Oqibat, kelishmovchilik, mayda gap ko`payib, er-xotin ajrashishga majbur bo`lgan. O`rtada norasida go`dak etim qoladi. Shu chaqaloq men ekanman.

Onam esa meni tashlab, poytaxtga jo`nab ketgan. Niyatiga etib nufuzli oliygoh talabasi bo`ladi. O`tmishini hammadan qattiq sir tutib, o`zini bokira, yaxshi tarbiya ko`rgan jiddiy qiz qilib ko`rsatganlar. O`zini qay maqomga solganini bilmadim-u, xuddi shu taassurot bilan hozirgi eriga, hali uylanmagan sodda qishloq yigitiga tegib oladi.

Bora-bora meni ham, boshqalarni ham butunlay unutgan onam yangi hayotiga singib ketgan.

Meni esa buvim va bobom rahmatli kichik farzandimiz, deb hujjatlashtirishadi. Ularning bolasi emasligim juda qattiq sir tutilgan. Aslida kimligimni oltinchi sinfda o`qib yurgan paytlarimda bilganman. Qo`shni dugonam bilan nimanidir ustida tortishib qoldik. Birdan sochimga changal solib, qattiq tortdi. Yig`lab yubordim. “Oyimga aytib beraman” deb yig`lab ketayotsam, orqamdan:

– Senda ona nima qiladi? Tashlab ketgan ekan-ku, etimcha — etti kulcha, – dedi xunuk tirjayib.

– Yolg`on, – dedim ko`z yoshlarimni artib. – O`zingdan to`qima.

– Hech ham to`qiyotganim yo`q-da. Anuv kuni oying biznikiga kirganida aytdilar. “Katta qizim telegramma jo`natib, qizini berib yuborishimni so`rabdi. Kaftimda tutib o`stirgan bolamni qanday berib yuboraman? Bermay desam, o`z onasi”, dedilar. Bilib qo`y, Xoli! Man ko`p narsani bilaman. Shunaqa!

– Yo`qol, bo`lmagan gapni gapirma, – deb uy tomonga chopib ketdim. Eshikdan kiriboq oyimga, hozirgina dugonamning aytishi bo`yicha esa buvimga duch keldim. Hammasini so`ramoqchi edim-u, botinolmay, quchog`iga bosh qo`yib yig`lab yubordim. Boya aytilgan gaplar haqiqat bo`lib chiqishidan qo`rqdim, juda qo`rqdim.

U kishi menga tasalli berib:

– Nima bo`ldi qizalog`im? Yana biron kim bilan urishdingmi? Yig`lamasang, senga zo`r bir xushxabar aytaman. Katta opang bir o`zi yosh bolalariga qarashga qiynalayotgan ekan. Seni jo`natishimni so`rab, telegramma yuboribdi. Ertaga erta bilan akang seni olib yo`lga chiqadi, boshingni yuvib ol, qizim, – dedilar meni yupatgan ohangda.

Tushundim. So`ramasam ham borini bildim. Men bu ayolning qizi emas ekanman.

Ertasi kuni yo`lga chiqdik. Ularnikiga haqiqiy ota-onamni topib olganday hayajon va qo`rquv bilan boruvdim. “Demak, men onamga kerak ekanman”, degan bolalarcha soddalik bor edi yuragimda. Ammo buning aksi bo`lib chiqdi. Muddaosi — yosh bolalari va uyiga qarab o`tirish uchun qo`l-oyog`i chaqqonroq yugurdak topish ekanligini o`n kun ham o`tmay anglab etdim. Boshqa yashay olmay, ortimga qaytib keldim. Vaqt o`tib ularni Toshkentga — mana shu hovliga ko`chib ketibdi, deb eshitdik.

Meni oq yuvib, oq taragan buvim vafot etgach, kunim tog`am va xolalarimga xizmat qilish bilan o`tadigan bo`ldi. Ota-onasiga kerak bo`lmagan farzandga kim ham mehr berardi. Meni sal urishishsa ham tog`day botib ketadi. Har birining eshigida kun ko`rish jonimga tegdi. O`z otamning-ku kimliginiyam bilmayman. Hech bo`lmasa onam tirik, bolam deb bag`riga bosar, deb tavakkal yo`lga chiqdim. Mana ko`rib turganingizdek, meni tashlab ketgan onamni izlab kelib nimagayam erishdim. Garchi katta opam deb bilgan odamimdan: “Men sening onangman”, degan gapni eshitish nechog`liq og`ir bo`lsayam, xuddi shu bir jumla gapni eshitish uchun kelgandim. Yo`q, aytmadilar. Bunga haqqi yo`qligini yaxshi bilgani uchundir, balki. O`z onamni falonchi opa deb chaqiraman, pochcham menga o`gay ota ekanligini xayoligayam keltirmaydi. Ota-ona mehriga qonib ulg`aygan bu kichkintoylar esa meni hech qachon tushuna olishmasa kerak”.

Shunday deya u boshidan o`tganlarni menga hikoya qilib berdi.

* * *

Er-xotin oldinma-ketin ishdan qaytib kelishdi. Xush kayfiyat bilan kechki ovqatga o`tirdik. Ota qizlari bilan suhbatlashgisi kelib, ularning kenjasini so`roqqa tutdi.

– Biz yo`g`imizda odobli qiz bo`lib yurdingmi, shirinim?

Shundog`am “to`lib-toshib” o`tirgan qizcha biyron tillari bilan bidirlab ketdi:

– Dada, xolamga ayting, uyimizdan ketsin. Siz ketganda rosa urishdi. Bizni yomon ko`radi. O`zini dadasiga borsin, – dedi.

– Oyimga aytsak, faqat ayb o`zlaringda, deydilar. Xolamning yonini olish uchun bizni urishadilar, – gapga aralashdi o`rtanchasi.

Katta qizi avvaliga indamay o`tirdi-yu, bo`lmadi. Uyam yuragidagini to`kib soldi:

– Xuddi anavinda o`qib bergan ertagingizdagi Zumradning o`gay opasi Qimmatga o`xshab turtkilayveradilar.

Jiblajibonlarning xolasi ko`zida yosh qalqdi. Ayolga tikilib, ko`zlari bilan undan najot izladi. Pushaymonlik, qo`rquv, iztirob, vahimadan bo`lak hech narsa topolmagach, yuzi qat`iy tus oldi. To`satdan ro`parasida o`tirgan “pochchasi”ga qarab dedi:

– Biz tarafga ketadigan poezdning soatini aniqlab bering!

Uy egasi o`ng`aysizlanib javob qaytardi:

– Nimalar deyapsiz? Bu chaqimchilarga e`tibor bermang! O`z opangizning uyi, begonanikidamassiz. Yosh bola-da, nima deganiga aqli etarmidi! Xotin, kel o`zing gapir singlingga!

– Shuncha yilda seni zo`rg`a uyimga opkeldim deganimda, endi qo`yib yuboramanmi? Qishloqda chang yutib, qora mehnatda yurganing yaxshimi? Onang o`rnida ona bo`lishga tayyorman, lekin ketaman dema.

– Uzr opa, – dedi Xolida alam bilan. – Onaning yo`rig`i boshqa ekan. Opalar ularning o`rnini bosolmasligiga amin bo`ldim. Menga ko`rsatmoqchi bo`lgan mehr-muhabbatingizniyam qo`shib farzandlaringizga bering. Axir, ular o`z bolangiz, men esa bor-yo`g`i bir singilman, xolos. Yillar davomida begonalashib ketibmiz. Endi ham bir-birimizsiz o`lib qolmasak kerak.

Ayol nadomat bilan ich-ichidan og`riqli javob berdi:

– Sen... Sen hali hech narsani bilmaysan-ku. Shu... jiyanlaringga mehrliroq bo`lsang nima qilardi?!

– Mehr olish uchun oldin uni berish kerak. Onalar, kimligidan qat`iy nazar, farzandlariga mehrini teng taqsimlashga majburdirlar. Qalbi ona tafti bilan isimaganlarning qahri qattiq bo`lsa, hech ajablanmang.

Hech nimani tushunmay o`tirgan o`gay otasiga qarab:

– Ketdikmi pochcha, – deb o`rnidan turdi. Nigohi qizlarga tushib, bir zum to`xtadi.

– Bilib qo`yinglar, – dedi u. – Siz o`qigan ertakdagi o`gay ona Zumradni yomon ko`rsayam, hech bo`lmasa, o`zi dunyoga keltirgan qizi Qimmatni jonidan ortiq ko`radi. Afsonalarda onalar bolasining baxti uchun yuragini sug`urib beradi. Hayotda esa aksi. Ba`zi onalarga o`zi dunyoga keltirgan farzandi ortiqcha yuk bo`lib qoladi. Ular bolasidan ko`z yumish evaziga baxtli hayot kechiradilar. Bir baxtiqaroni nima uchun dunyoga keltirganini o`ylab ham ko`rishmaydi. Iloho, tirik etimlik va o`z onasining o`gay qarashlaridan Tangri sizlarni asrasin! – dedi-yu, chiqib ketdi.

Xayrlashish ilinjida o`rnimdan turdim. Biroq u, shu xonadonga kirib kelgan kuni singari ketayotib ham men tomonga qarab qo`ymadi.

Butunlay ketdi. Bir-ikki kun o`tgach, uni tez sog`inib qoldim. Xat yozish uchun yon daftarchamni ochib qaradim. Ilgariroq unga, yashash joyingizning manzilini yozib bering, deb iltimos qilgan edim. Lekin manzil o`rnida unda shunday satrlar bitilgan edi:

Buvimga bolaman, onamga singil,

Otamni tanimay o`tib ketaman.

O`rtada sarsonman tashlandiq ko`ngil,

Ayting, bu dunyoda yashab netaman?!

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1