AsosiySiyosat

Rejep Tayyip Erdo`g`on davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi

'Rejep Tayyip Erdo`g`on davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on 29 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Tantanali kutib olish marosimidan so`ng Turkiya delegasiyasi o`zi uchun ajratilgan qarorgohga yo`l oldi.

Avval xabar berilganidek, oliy darajadagi siyosiy muloqotda ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo`llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollarini belgilash va rivojlantirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, global va mintaqaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e`tibor qaratiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida Turkiya Prezidenti O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`shma majlisida so`zga chiqishi, O`zbekiston va Turkiyaning etakchi banklari, kompaniya va firmalari vakillari ishtirokidagi biznes forumida qatnashishi ko`zda tutilgan.

Tashrif dasturidan Turkiya delegasiyasining Buxoro shahrida bo`lishi ham o`rin olgan.

Tashrifning asosiy tadbirlari 30 aprel va 1 may kunlariga belgilangan.

    Boshqa yangiliklar