1

Hamkorlik uchun istiqbolli sohalar va loyihalar muhokama qilindi

Siyosat 30.04.2018, 15:10
Hamkorlik uchun istiqbolli sohalar va loyihalar muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`an muzokaralarni rasmiy delegasiyalar ishtirokida davom ettirdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Azaliy qadriyatlarimizga asoslangan ko`p qirrali munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko`tarilayotgani bizni quvontiradi, dedi Shavkat Mirziyoev. Tor doiradagi muloqotimiz mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta siyosiy iroda mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xalqlarimiz va davlatlarimiz manfaatiga bevosita daxldor bo`lgan barcha masalalarni, nafaqat bugungi kundagi, balki kelgusidagi rejalarimizni ochiq va atroflicha kelishib oldik.

Qadim tuproqlarimiz bo`lmish O`zbekistonga kelganimdan, aziz qardoshim Shavkat Mirziyoev bilan yana ko`rishganimdan mamnun bo`ldim, dedi Rejep Tayyip Erdo`g`an. Keyingi yillardagi muloqotlarimizdan so`ng iqtisodiy aloqalardagi ko`rsatkichlar oshgani biz to`g`ri yo`lda ekanimizdan dalolatdir. Natijalar yaqqol sezilyapti. Turkiyalik ish odamlari O`zbekistonga intilyapti. O`zbekistonda Turkiya firma va kompaniyalari uchun, sayyohlar harakati uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti.


Prezidentimizning o`tgan yili oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo`ldi. 2017 yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortdi. Joriy yilning birinchi choragida bu ko`rsatkich yana 20 foizga o`sdi.

Muzokarada yaqin yillarda savdo aylanmasini 5 milliard dollarga etkazish uchun barcha imkoniyat mavjudligi ta`kidlandi. Tomonlar hamkorlik uchun istiqbolli tarmoqlar va loyihalarni ilgari surdi.

O`zbekiston Turkiya bozoriga engil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida ta`sis etilgan O`zbek-Turk savdo uyi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkin.

Transport kommunikasiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e`tibor qaratildi. Baku – Tbilisi – Kars temir yo`li savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Muzokarada investisiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, turizm, sog`liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1