1

Toj Mahal xususiylashtirilmoqda

Dunyo 01.05.2018, 10:49
Toj Mahal xususiylashtirilmoqda

Hindiston hukumati 95 ta tarixiy obidani xususiylashtirishni ko`zda tutuvchi loyiha ishlab chiqdi.

Mashhur tarixiy obidalarni bir necha million dollarga xususiylashtirishni ko`zda tutuvchi ushbu qaror ko`plab e`tirozlarga sabab bo`lmoqda. “Meros” harakati faollari hamda muxolif siyosatchilar Hindiston hukumatini tarixiy obidalarni, shu jumladan Toj Mahalni xususiy kompaniyalar ixtiyoriga berayotganlikda ayblagan.

Shanba kuni Hindiston turizm vaziri Dalmia Bharat kompaniyasi bilan Dehlidagi 17 asrga tegishli Qizil Qal`a tarixiy obidasini hamda mamlakat janubidagi Andxra-Pradesh shtatida joylashgan yana bir qal`ani ijaraga berish bo`yicha 5 yil muddatga qiymati 3.7 million dollarlik shartnoma tuzilganini e`lon qildi.

Hozirda ikki yirik kompaniya Toj Mahalga egalik qilish uchun kurashmoqdalar. Xususiylashtirish loyihasiga YuNESKO ro`yxatidagi 12 asrga oid Qutub Minor majmuasi ham kiritilgan.

Hindistonda 3700 yaqin tarixiy obidalar mavjud bo`lib, shulardan 31 tasi YuNESKOning jahon merosi ob`ektlari ro`yxatidan o`rin olgan.

Eslatib o`tamiz, o`tgan yili Hindistonning “Bhartiya Janata Parti” partiyasi vakili bo`lgan Sangiit Som Toj Mahal obidasini tarixdan o`chirib tashlash zarurligini aytgandi.

Nafaqat Hindiston, balki butun dunyo bo`yicha eng ko`p tashrif buyuriladigan sayyohlik ob`ektlaridan biri, XVII asrga tegishli maqbara - Toj Mahal Zahiriddin Boburning evarasi Shoh Jahon davrida qurilgan. Ushbu sehrli majmua haligacha butun dunyodan millionlab sayyohlarni o`ziga jalb qilmoqda.

Toj Mahalning tashqi devorlari va gumbazi oq marmar bilan qoplangan bo`lib, u quyoshli kunda oppoq tusga kirsa, ufq nurlari ostida qip-qizil bo`ladi, tunda esa oyning kumush shu`lasini aks ettiradi.

Majmuani asrab-avaylash maqsadida uni YuNESKOning jahon merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritishgan.

Bir muddat avval, Travel Ask ham Tojmahal bilan bog`liq havotirli xabarni bergandi. Xabarda qayd etilishicha, bino asta-sekinlik bilan vayron bo`lib bormoqda, bu esa ushbu yodgorlikning kelajagi haqida jiddiy bosh qotirishga majbur qiladi. Tadqiqotchi olimlarning fikricha, obidaning qizil yog`ochdan qilingan poydevori yaqinida joylashgan daryoning suvi kamaygani sababli qurib, yorilib ketmoqda. Agar tezkor choralar ko`rilmasa, Toj Mahalning poydevori marmar gumbazlar va minoralar og`irligini ko`tara olmay, tez orada emirilib ketishi mumkin. Hind ekologlarining aytishicha, daryo suvini ma`lum sathda ushlab turish uchun damba qurish kerak. Bu esa 71 ming funt sterlingga tushadi.

Maqbara muhofaza etiladigan hududlar sirasiga kiradi. Unga avtomobilda yaqin kelib bo`lmaydi. Bu zararli gazlar inshootga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi uchun qilingan. Shuningdek, yodgorlikning oppoq tusi buzilmasligi uchun, mamlakat rahbariyati Agradagi bir qator sanoat korxonalarini yopib qo`ygandi.

Hindistonda 300 yildan ko`proq hukmronlik qilgan Boburiylar sulolasi bu yurt hayotining barcha jabhalarida o`zining boy merosini qoldirgan. Dehlidagi Qizil qal`a va Jome` masjidi, Agradagi Toj Mahal, Fotihpur, Sekridagi Panch Mahal ana shunday buyuk meros namunalaridir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1