AsosiyJamiyat

“Umra-2014” Ramazon mavsumi boshlandi

10 iyul kuni o`zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki 170 nafardan iborat guruhi “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoniga umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Eslatib o`tamiz, Bahorgi umra ziyoratini o`zbekistonlik jami 5904 nafar fuqarolarimiz (Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`yicha 31ta reys) ado etib, mamlakatimizga sog`-salomat qaytib keldilar.

Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirildi.
Ramazon mavsumida esa Saudiya Arabistonida kunning haddan tashqari isib ketishi hamda fuqarolarimiz hohish istaklaridan kelib chiqib, o`zbekistonlik 670 nafar ziyoratchilarni (Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`yicha 3ta reys) umra safariga yuborish rejalashtirilgan.

Safarga chiqishdan oldin barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida minengit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo`lishini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

 Ramazon mavsumida ham ziyorat 10 kunni tashkil etdi (Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun). Ziyoratchilarga mavsum davomida o`zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko`rsatiladi.

O`zbekistonlik  ziyoratchilar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy” bilan yonma-yon joylashgan “Mavadda Nur” mehmonxonasi hamda Makka shahrida Haramdan 900 metr uzoqlikdagi “Nama Mavadda” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.

Ziyoratchilarimizning saxarlik va iftorlik qilishlari uchun mehmonxonalarda oshxonalar tashkil etilgan. Ziyoratchilarimizning sog`liqlarini doimiy nazorat qilish maqsadida mehmonxonalarda minishifoxonalar faoliyati tashkil etilmoqda. 

  Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun`iy yo`ldosh orqali O`zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo`layotgan voqealardan xabardor bo`lish imkoniyatlari yaratilgan.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar