1

Erning urgani ur oshi emas!

SUG'DIYONA 11.05.2018, 15:34
Erning urgani ur oshi emas!

Dinimizda ham, jamiyatimizda ham ayolga hurmat-ehtirom ko`rsatilishi alohida ta`kidlanadi. Biroq afsuski, ba`zi oilalarda xotin kishini kaltaklab, unga jismoniy ozor etkazish holatlari ham kuzatiladi. Ruhshunos Barno ILІOMOVAbilan mavzuni tahlil etib, zulmkor erlarga qanday munosabat qilish kerak degan savolga javob izlab ko`ramiz.

Qanday erlar ayoliga qo`l ko`tarishadi?

Albatta, sababsiz oqibat bo`lmaydi. Qanday odamlar zaifalarga qo`l ko`taradi:

  • Oilada jismoniy kuch ishlatish orqali siyosat olib borishga irsiy moyilligi bor odamlar. Ularning otasi onasiga qo`l ko`targan, ota-onasi bolalarini kaltak bilan tarbiyalashgan yoxud aka-ukalari, teng-to`shlari bilan yoqa bo`g`ishib ulg`ayishgan bo`lishlari mumkin.
  • Ojiz, ya`ni ma`nan, ruhan to`laqonli shaxs bo`lib shakllanmagan erkaklar.
  • Mas`uliyatdan qochadigalar. Ular biror muammo chiqqanida uni hal qilishni emas, muammo haqida so`z boshlagan kishining og`zini kuch bilan yopishni ma`qul ko`rishadi.
  • Ruhan nosog`lom kishilar.

Xotinning ham «hissa»si bor(mi?)

Shunday vaziyatlarlar ham bo`ladiki, erning umr yo`ldoshini do`pposlashiga ikki tomon ham birdek aybdor sanaladi. Bu o`rinda erkak va ayol o`rtasidagi farq yuzaga chiqadi. Ya`ni o`zingizga ma`lum, ayollar — his-tuyg`uga beriluvchan xalq. Ayrim xonimlar bir gap boshlashsa, ming`ir-ming`irlari tugamay, nuqta-vergulni unutib qo`yishadi. Erkaklar esa odatda yo «ha» deyishadi, yoki «yo`q» bilan kifoyalanishadi. Xotinni esa bu qoniqtirmasligi mumkin. Hatto, biror talabiga eri «Xo`p» degan taqdirda ham «Menga kinoya bilan xo`p demang» qabilida yana «sayrashda» davom etishadi. Xo`p degani ham yoqmagan erkak esa qo`lini ishga soladi — emosiyalarini boshqara olmayotgan ayolga tarsaki tushiradi.

«Aka-ukasi ovsinlarimga qo`l ko`tarmaydi-yu, meni erim o`lasa qilib uradi», deya norozi bo`luvchilar ham bor. Psixologlarning ta`biricha, bunga ayolning ong ostiga «Meni urish me`yoriy holat» degan fikrning qattiq o`rnashib qolgani sabab bo`lishi ham mumkin ekan. Otasi onasini kaltaklaganini ko`rib o`sgan qizlar o`zlari bilmagan holda uradigan erkaklarni umr yo`ldoshlikka tanlasharkan yoki gap-so`zlari, hatti-harakatlari bilan erkakni urush darajasigacha olib borisharkan.

«Ustunlikni qo`ldan bermayman!!!»

Muhabbat qalbida endi kurtak yozayotgan kelinchakni turmushining ilk pallasidayoq qat`iy rejim asosida tarbiyalashga kirishadiganlar ham uchrab turadi. Ko`p holatlarda yangi kuyovning rafiqasiga qo`l ko`tarishiga erkaklarning o`ziga xos qo`rquvlari turtki bo`larkan. Oilasida yoki yon-atrofida turmush jilovini xotinining qo`liga tutqazib qo`ygan erkaklarni ko`rib ular sergak tortishadi. Va ularning ittifoqida ham ayoli ustunlikni qo`lga olmasligi uchun «Boshidan xotinning popugini pasaytirish kerak», degan xulosaga kelishadi. «Turmush o`rtog`im onam (xolam, ammam)ga o`xshamasin» deb emas, «Men oilada o`z o`rnini yo`qotgan falonchining qismatini takrorlamasligim uchun u yo`l qo`ygan xatolardan saqlanishim kerak», deya fikr yuritishga oqillik, mas`uliyat va mardlik etishmaydi. Agar sizning peshanangizga shunday inson yozilgan bo`lsa, uning nozik nuqtasiga tegishdan ehtiyot bo`ling. O`zingiz istagan narsani yoki aytmoqchi bo`lgan gapni ham go`yoki undan chiqqan taklifdek ko`rsating.

Kaltaklarga chek qo`yish mumkinmi?

Keling, mana shu bahsli savolning javobiga batafsilroq to`xtalamiz.

1-shart: ovqat tagiga olmasdan turib olovni pasaytirish yoki o`chirish kerakligini yaxshi bilasiz. Muammolarga ham shu tarzda yondashishni tavsiya etardik.

Otalar, ayolingizga qo`l ko`tarayapsizmi, bu ulg`ayayotgan farzandlaringiz taqdirida o`z izini qoldirishini unutmang. Illatlar zanjir kabi ulanib, kelajak avlodlar hayotida aks etadi. O`g`lingiz ayolini uradigan bo`lishi sizni ko`pam tashvishlantirmasligi mumkindir, ammo shiringina qizingiz ham qo`li qattiq odamga juft bo`lishi mumkinligini yodda tuting.

Onalar, «Eridan kaltak emagan ayol yo`q», «Іamma erkaklar uradi», «Erning urgani ur oshi», «Mana shu fe`ling bo`lsa, erning kaltagi ostida qolasan» kabi nasihatu tanbehlaringizni lug`atingizdan o`chirib tashlang. Navnihol qizning ongini bu kabi ko`nikmalar bilan zaharlamang.

Qiz uzatayotganda etti pushtini erinmay surishtiring. Bo`lajak kuyovning oilasida ayollarga hurmat qanaqa, ularni urish mumkin degan qoida yo`qmi — qiziqing.

2-shart: ayol kishi ilk bor unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgandayoq bu munosabatga qarshi chora ko`rishi kerak. Aslo faqat yig`i-sig`i, araz-gina bilan muammoni o`z holicha qoldirmang. Uni ildizi bilan sug`urib tashlashga urinib ko`ring. Vaziyatga oila kattalarini jalb qilasizmi yo eringiz gap tushunadigan odam bo`lsa, xotirjam gaplashib olasizmi — o`z munosabatingizni bildiring. «Men bu xonadonga sizdan tarsaki eyish uchun kelmaganman. Tinch-xotirjam, mehr-muhabbat bilan yashashni istayman va bu kabi qo`pol muomalani qabul qilmayman», deng.

3-shart: qo`rqmang. «Meni nafaqat erim, qaynonam, qaynopamlar ham urardi. Necha marta yig`lab uyga ketganman, foydasi bo`lmagan. Alohida chiqqanimizdan so`nggina tinchidim. Ammo ovsinimga qo`l ko`tarish tugul, qattiqroq gapira olishmaydi. U ayyorgina-da...», deb qoldi bir kuni qo`ng`iroq qilgan mushtariylardan biri. Yaxshilab surishtirsak, ovsini ancha-muncha o`ziga ishongan qiz, bu oilaning kurakda turmaydigan qoidalariga — qaynopaning ichkiyimlarigacha yuvish, joni og`risa, shifokorga bormasdan chidash kabilarga rioya etmaydi. Erining ham, qaynonasining ham oldida o`z huquqlarini himoya qila olgan. Zolim qaynonayu qaynopalar ham tushunganki, ikkinchisida birinchisiga qo`llanilgan usul ish bermaydi.

4-shart: qochib qoling. Ha. «Yaqinda qabulimga bir er-xotin keldi. Necha yilki, er ayolini kaltaklab tarbiyalashga harakat qiladi, ayol esa goh ko`zi ko`karib, goh labi yorilib yurishdan charchagan. Ikki tomon bir-birini ayblab charchashmadi. Erga quloq tutsam, «Urishimni bilib turib ham jim bo`lmaydi», degach, turmush o`rtog`iiga yuzlandim — «Siz eringizning qo`l ko`tarishini sezib turasizmi?» degan savolimga esa «Yo`q», degan javob oldim. Er-xotin bilan kelishdik. Erkak asablari dosh berolmay, g`azabga to`lganida xotinini ogohlantiradigan bo`ldi, ayol esa darrov voqea joyini tark etadigan», dedi ruhshunosimiz o`z tajribasi bilan o`rtoqlasha turib.

Munosabatlaringizga nazar soling: eringiz qachon, qanday holatda sizga jismoniy tazyiq o`tkazadi? Shunday vaziyatni sezishingiz bilan tilingizga ehtiyot bo`ling, zarurat tug`ilsa, uning ko`ziga ko`rinmay tura qoling. Bilagida kuchi ko`p begingizning asablari joyiga tushgach, o`sha kungi masalani bemalol gaplashib olishingiz mumkin. Muhimi, haddingizdan oshmang, shunda u ham o`zini boshqara oladi.

5-shart: aybdor izlamang. «O`zi erim juda yaxshi inson, shu qaynonamning gapiga kirib uradi-da», deyishadi. Bu bilan eringizni oqlab, uning yana sizga shikast etkazishiga yo`l ochib bermayapsizmi? Qaynonangiz mavzusini bir chetga suring-da, turmush o`rtog`ingiz bilan gaplashib oling. Juftingizni har qanday muammoni o`zaro kelishib hal qila olishlaringizga ishontiring.

6-shart: beklarni sport mashg`ulotlariga jalb etish lozim. Shunda sal gapga musht tuguvchi erkak alamidan boks zali, tennis kortida xalos bo`ladi. Rahbaridan tanbeh eshitsa, onasi ayolidan norozilansa, ko`ngli nozik zaifasi jahlning qurboni bo`lavermaydi. Qolaversa, sog`lom turmush tarziga rioya qiladi, o`ziga bo`lgan ishonchi oshib, bir qancha zararli odatlari bilan xayrlashsa, ajabmas.

7-shart: oilaviy, ya`ni er-xotin birgalikda ruhshunosga uchrashing. Mutaxassis bilan muammoni yuzaga keltirayotgan omillarni aniqlab, ular ustida ishlash imkoniga ega bo`lasiz.

MUXLISA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1