1

O`zbekistonning inson huquqlarini ta`minlash borasidagi tashabbuslari Vashingtonda e`tirof etildi

Siyosat 15.05.2018, 00:05
O`zbekistonning inson huquqlarini ta`minlash borasidagi tashabbuslari Vashingtonda e`tirof etildi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari rasmiy tashrif bilan AQShda bo`ladi.

Davlatimiz rahbarining AQShga rasmiy tashrifi oldidan O`zbekiston delegasiyasi a`zolari qator muhim tadbirlarda ishtirok etmoqda. Vashington shahridagi Milliy press-klubda «O`zbekistonning inson huquqlarini ta`minlash borasida erishgan yutuqlari va istiqboldagi vazifalar» mavzuida konferensiya bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Xalqaro press-klub, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan anjumanda taniqli olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari S.Safoev, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, fransiyalik tarixchi olim, sosiolog M.Laryuel, Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo`yicha rahbari S.Sverdlov, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Xalqaro press-klub rahbari Sh.Qudratxo`jaev va boshqalar O`zbekistonda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, inson huquqlarini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, yurtimizning xalqaro maydonda munosib o`rin egallashiga yo`naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.

Ta`kidlandiki, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va uning asosida qabul qilingan qonunlar jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini isloh qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. O`zbekiston Konstitusiyasida mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so`ng qo`shilgan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biri bo`lgan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o`z ifodasini topgan.

Bugungi kunda O`zbekiston inson huquqlari bo`yicha 70 ta asosiy hujjatga qo`shilgan, BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisidir.

Mamlakatimizda milliy qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementasiya qilishning o`z modeli, insonning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirilgan.

O`zbekistonda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida qonun hujjatlari muttasil takomillashtirib borilmoqda.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mamlakatning xalqaro munosabatlarning to`la huquqli sub`ekti sifatidagi o`rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o`rin olish, O`zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo`shnichilik muhitini yaratish bo`yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Konferensiyada so`nggi yillarda O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida e`tirofga sazovor bo`layotgani qayd etildi.

Tadbirda mamlakatimizda sud hokimiyatining fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi roli, sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashildi.

Soha mutaxassislari jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1