AsosiyJamiyat

2014 yilning 1-yarim yilligida O`zbekiston YaIM 8,1 foizga o`sdi

2014 yil 16 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo`lib o`tdi.

Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari chiqarildi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2014 yil 17 yanvarda respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2014 yil uchun iqtisodiy dasturning yo`nalishlari va muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini ta`minlash yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu haqda O`zA  xabar bermoqda.

2014 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo`yicha yalpi ichki mahsulotning o`sishi 8,1 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlari o`sishi — 8,1 foizni, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmlari o`sishi — 17,4 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profisit bilan ijro etildi. Inflasiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.

Ichki talabni rag`batlantirish, iste`mol tovarlari ishlab chiqarishni tubdan ko`paytirish hamda xizmatlar ko`rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish iste`mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 10,8 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi — 13,7 foizga va pullik xizmatlar hajmi — 9,7 foizga o`sishini ta`minladi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotida xizmatlar sohasining ulushi 2013 yilning birinchi yarim yilligi natijalari bo`yicha 52,4 foiz o`rniga 52,7 foizgacha o`sdi.

Eksport qiluvchi korxonalarning eksport salohiyatini rag`batlantirish va ularni qo`llab-quvvatlash, oldin o`z mahsulotlarini eksport qilmagan korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar eksport hajmlarining 8 foizga o`sishini va tashqi savdo aylanmasining salmoqli ijobiy saldosini ta`minlash imkonini berdi.

Qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish hajmlari 6,9 foizga o`sishi ta`minlandi. Donning 8 million tonnadan ortiq rekord hajmi etishtirildi va yig`ishtirib olindi. Uy-joylar quriladigan yangi qishloq massivlarida 2014 yilga mo`ljallangan 11000 ta namunaviy loyihalar bo`yicha yakka tartibdagi uylarning 4486 tasi foydalanishga topshirildi.

Yangi ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirishning har yilgi dasturini tizimli amalga oshirish tufayli 2014 yilning boshidan boshlab 506,4 mingta yangi ish o`rinlari tashkil etildi. Ulardan 303,2 mingtadan ortig`i yoki 59,9 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.

«Sog`lom bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida 3,1 trillion so`mdan ortiq mablag` yo`naltirildi.

144 ta zarar ko`rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog`lomlashtirish bo`yicha tasdiqlangan «yo`l xaritalari»ni faol amalga oshirish tufayli 109 ta korxonani zarar ko`rib ishlashdan va moliyaviy nobarqarorlikdan chiqarish ta`minlanganligi qayd etildi.

Qayta tashkil etilayotgan korxonalarda umumiy summasi 3,1 trillion so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va xizmatlar ko`rsatildi, shu jumladan, qariyb 118 million AQSh dollarilik mahsulot eksportga sotildi. Yirik sanoat korxonalarida 1330 birlik eskirgan asbob-uskuna yangilandi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini o`rtacha 8,9 foizga pasaytirishga erishildi.

Yuqori texnologik va zamonaviy ob`ektlar va quvvatlarni ishga tushirishni tezlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizasiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayonlarini chuqurlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan faol investisiya siyosati va ko`rilayotgan chora-tadbirlar o`zlashtirilgan investisiyalar hajmlari 10,8 foizga, shu jumladan, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar — 28,8 foizga o`sishiga ko`maklashganligi qayd etildi.

Joriy yil boshidan boshlab 2014 yil uchun Investisiya dasturiga kiritilgan umumiy qiymati 680 million dollar bo`lgan 64 ta loyihani amalga oshirish tugallandi. 1651 ta yangi ishlab chiqarish ob`ekti foydalanishga topshirildi.

Kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun kichik biznes sub`ektlariga umumiy summasi 25,5 milliard so`mlik 86 ta davlat aktivlari sotildi, davlat mulkining 19,4 mingta foydalanilmayotgan ob`ektlari ijaraga berildi. Banklar tomonidan ularga 4,8 trillion so`m miqdorida yoki 2013 yilning birinchi yarim yilidagiga qaraganda 1,3 baravar ko`p kreditlar berildi.

Ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi mamlakatning yalpi ichki mahsuloti o`sishiga va milliy iqtisodiyotning baraqarorligiga, aholining, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining ish bilan bandligi va moddiy farovonligini oshirish masalalarini hal etishga tadbirkorlikning ulushini jiddiy ravishda oshirishni ta`minladi. Ko`rilgan chora-tadbirlar kichik biznes ulushining sanoatda — 27 dan 28,4 foizgacha, bandlikda — 75,8 dan 76,4 foizgacha o`sishini ta`minladi.

Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo`yicha 2014 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini ta`minlash bo`yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar