1

Tramp O`zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o`sib borayotgan rolini e`tirof etdi

Siyosat 17.05.2018, 14:42
Tramp O`zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o`sib borayotgan rolini e`tirof etdi

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oq uyga ilk tarixiy tashrifi O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi, deb so`z boshladi Prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov Vashingtonda jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda.

Muzokaralar davomida Prezident D.Tramp O`zbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga qat`iy sodiqligini ta`kidladi. Shuningdek, u Prezident Sh.Mirziyoev rahbarligida O`zbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni e`tirof etdi. Prezidentlar keng jabhadagi o`zaro ustuvor yo`nalishlardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasida 2002 yilda imzolangan strategik sheriklik to`g`risidagi Deklarasiyaga yangicha sur`at bag`ishlash maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Prezident Sh.Mirziyoev O`zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan progress orqaga qaytmaslik xususiyatiga ega ekanligini ta`kidladi. U davlat organlari xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qo`yishlari lozimligini qayd etdi. O`zbekistonning besh yilga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoy sohani rivojlantirish hamda ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga xizmat qilishini ta`kidladi.

Prezident D.Tramp terrorizmga qarshi kurashishda Qo`shma Shtatlarning O`zbekiston bilan azaliy sherikligini qayd etib o`tdi. 2001 yil 11 sentyabrdagi mudhish voqealardan so`ng, O`zbekiston AQShga o`ta muhim logistik imkoniyatni taqdim etganligi hamda “Al-Qoida” terrorchilarini Afg`onistondan siqib chiqarishda ko`mak ko`rsatganligini ta`kidladi. Prezident Sh.Mirziyoev tashrif davomida AQSh Prezidentining Janubiy Osiyo bo`yicha strategiyasini to`liq qo`llab-quvvatlashini tasdiqladi. Muloqot chog`ida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mas`uliyatni taqsimlash va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini hal etish, shu jumladan, Afg`onistonda barqarorlikni ta`minlash bo`yicha O`zbekiston tashabbuslari muhokama etildi.

Prezident D.Tramp kuchli va mustaqil Markaziy Osiyoning muhimligini qayd etdi hamda Prezident Sh. Mirziyoevning 2017 yil noyabrda Samarqandda bo`lib o`tgan konferensiyada ilgari surgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining hamkorlik muloqoti yig`ilishini o`tkazish bo`yicha sa`y-harakatlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

Prezident Sh.Mirziyoev joriy yil mart oyida Qozog`istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etganligi, bu mintaqalararo savdoni rivojlantirish va xavfsizlikka oid tahdidlar bo`yicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochib berganligi qayd etildi. Prezident D.Tramp ushbu muhim muloqotda O`zbekiston asosiy rol o`ynashini e`tirof etdi hamda Qo`shma Shtatlar «S5+1» mintaqaviy formati orqali hamkorlik va taraqqiyotni qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Prezidentlar Afg`onistonning Markaziy Osiyodagi ko`p tomonlama hamkorlik formatlarida ishtirok etishini qo`llab-quvvatladilar.

Mintaqaviy hamkorlik

Prezident D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoevni uning xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” afg`on hukumati bilan tinch muzokaralarni boshlashi lozimligi to`g`risidagi yagona pozisiyasi tasdiqlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan qutladi. Prezident Sh.Mirziyoev va Prezident D.Tramp Afg`oniston xavfsizlik kuchlari va tinch aholisiga qarshi qaratilgan jirkanch terrorchilik hujumlarini qattiq qoraladilar hamda Afg`oniston duch kelayotgan xavf-xatarlarga barham berish bo`yicha muloqotni kengaytirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar.

Prezident Sh.Mirziyoev Afg`oniston hukumatini to`liq siyosiy qo`llab-quvvatlashini qayd etdi hamda 2017 yil dekabrda Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`anining O`zbekistonga tashrifi, uning yakuni bo`yicha ikki hukumat o`rtasida savdo aylanmasini ko`paytirish va o`ta muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator bitimlar imzolanganiga e`tibor qaratdi. Prezident D.Tramp O`zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda muhim rol o`ynayotganligini e`tirof etib, mamlakatning Afg`oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan sa`y-harakatlarini olqishladi. U O`zbekiston tomonidan rejalashtirilayotgan Afg`onistondagi temir yo`l va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga siyosiy va konsultativ ko`mak ko`rsatishga tayyorligini bildirdi.

Prezident Sh.Mirziyoev Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikka erishishga hissa qo`shayotgan Shimoliy ta`minot tarmog`ini qo`llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi. O`zbekiston va AQSh Afg`oniston bilan chegaralar xavfsizligini ta`minlash hamda giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasining oldini olishda yaqindan hamkorlik qilishlari e`tirof etildi.

Ikki davlat rahbarlari ekstremizm va xalqaro terrorizmni qoraladilar hamda umumiy tahdidlarga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini qayd etdilar. Ular, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda besh yilga mo`ljallangan ilk harbiy hamkorlik Rejasini amalga tatbiq qilish orqali mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkash muhimligini ta`kidladilar.

Islohotlar va xalqlar o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash

Prezident D.Tramp “vijdon mahbuslari”ning ozod qilinganligi, bolalar mehnatidan muntazam foydalanishning tugatilganligi va majburiy mehnat ko`lamini qisqartirishda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etgan holda, Prezident Sh.Mirziyoevning O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog`liq holatni yaxshilashga oid keng islohotlar dasturini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Ushbu yutuqlar iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratishi ta`kidlandi. Prezident D.Tramp davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish va ichki barqarorlikni ta`minlashning asosiy omili sifatida davlatning xalq oldidagi oshkoraligi va hisobdorligini oshirish bo`yicha O`zbekiston Prezidentining tashabbusini qo`llab-quvvatladi. Davlat rahbarlari inson erkinliklarini himoya qilish, shu jumladan, diniy erkinlikni ilgari surish bo`yicha konstruktiv hamkorlikni faollashtirish tarafdoridirlar. Prezident Sh.Mirziyoev diniy e`tiqod erkinligini ta`minlash bo`yicha keng qamrovli “yo`l xaritasi”ni hayotga tatbiq qilishga qat`iy tayyor ekanligini aytib o`tdi.

Prezidentlar ikki mamlakat o`rtasida ta`lim sohasidagi hamkorlikka o`z hissasini qo`shadigan Xalqaro ta`lim bo`yicha Amerika kengashlarining O`zbekistonda akkreditasiya qilinishini olqishladilar. Prezident D.Tramp AQSh O`zbekistonda ingliz tili bo`yicha ta`lim dasturlarini amalga oshirishda ko`mak ko`rsatishga tayyor ekanligini ta`kidladi hamda “Amerika ovozi”ning O`zbekistonda akkreditasiya qilinganligi va uning Amerika ommaviy axborot vositalari uchun ushbu mamlakatda keng imkoniyatlar yaratishini yuqori baholadi.

Iqtisodiy hamkorlik

Prezident Sh.Mirziyoev va Prezident D.Tramp o`zaro savdo hajmini oshirish va har ikki mamlakatda ish o`rinlarini yaratishga ko`maklashadigan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o`rganishga qat`iy tayyor ekanliklarini ta`kidladilar. Prezident Sh.Mirziyoev O`zbekistonda oshkoralik va hisobdorlik xalqaro standartlarini joriy qilish va qonun ustuvorligini ta`minlash orqali tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda AQSh kompaniyalari va investorlariga mamlakat bozoriga kirish imkoniyatini taqdim qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Davlat rahbarlari, shu jumladan, qishloq xo`jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to`qimachilik sanoati, sog`liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlarni o`rganishga kelishib oldilar. Tashrif davomida O`zbekiston va AQSh kompaniyalari o`rtasida 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolanganligi va ular hayotga to`laqonli tatbiq qilingan taqdirda, 4,8 milliard dollar miqdorida baholanishi va AQShda 10 ming ish o`rinlarini saqlab qolishi hamda kelgusida bir necha milliard dollar miqdoridagi shartnomalar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkinligi e`tirof etildi.

D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoevning islohotlar dasturini qo`llab-quvvatladi va O`zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o`sib borayotgan rolini e`tirof etdi. U joriy yilda mamlakatda Markaziy Osiyo savdo forumini va Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh o`rtasida savdo va investisiyalarga oid hadli Bitim bo`yicha Kengash yig`ilishini o`tkazishga doir O`zbekiston taklifi bundan dalolat berishini ta`kidladi. Prezident Sh.Mirziyoev O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lishga intilayotganini qayd etdi, Prezident D.Tramp O`zbekiston o`z savdo rejimini tashkilot normalariga muvofiq liberallashtirish bo`yicha kun tartibidagi islohotlarni amalga oshirgani sayin AQSh unga texnik ko`mak ko`rsatishini ta`kidladi. O`zbekiston Fonogramma ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, ularning fonogrammalarini qonunsiz ishlab chiqarishdan himoya qilish to`g`risida Jeneva konvensiyasi va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining internet bo`yicha shartnomalariga qo`shilish orqali intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanligini bildirdi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish ikki tomonlama savdo, iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha yangi imkoniyatlarni ochish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1