Ramazon oyida juda katta tarixiy voqealar sodir bo`lgan. Shu o`rinda muslim.uz nashri ulardan ayrimlarini sanab o`tdi:
Milodiy 610 yili, hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) qirq yoshlarida Ramazonning Qadr kechasida Makka yaqinidagi Hiro g`orida ilk vahiy – Qur`oni karimning Alaq surasidan dastlabki besh oyat nozil bo`ldi.
* * *
Ramazoni sharifda hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) mab`us (payg`ambarlik) maqomi berildi.
* * *
Hijratdan ikki yil oldin (milodiy 620 yili) Ramazon oyining 10-kuni Xadichai Kubro onamiz (roziyallohu anho) olamdan o`tdi.
***
Hijriy 2 yili Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) lashkarlarining mushriklarga qarshi olib borgan va unda musulmonlar g`alaba qozongan ilk qonli kurashi – Katta Badr g`azoti bo`ldi.
* * *
Shu yili Ramazon ro`zasini tutish va zakot berish farz qilindi.
* * *
Hijratning 3 yili Ramazon oyining 15-kuni (milodiy 625 yil 1 mart) Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sevikli nabiralari Imom Husayn tug`ildi.
***
Yigirma yil davom etgan mo`minlar va mushriklar to`qnashuviga chek qo`ygan Makka fathi bo`ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hijratning 8-yili Ramazon oyining yigirmanchi kuni o`n ikki ming kishilik muazzam qo`shin ila butparastlik markaziga aylanib qolgan Makkaga kirib bordilar. Juma kuni insoniyat tarixida buyuk voqea sodir bo`ldi – Ka`batullohdan shirk, botil ramzi bo`lgan butlar butunlay yo`qotildi.
* * *
Hijratning to`qqizinchi yili Ramazon oyida Soqif qabilasi Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, Islomga kirganini e`lon qildi.
* * *
Hijratning o`ninchi yili Ramazon oyida Yamanga Islom keng ko`lamda kirib keldi.
* * *
Sahih hadislarda keltirilishicha, janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) to Ramazon oyi tugagunicha kechalari hazrati Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashib, Kur`oni karimni tilovat qilib berar, shu tarzda o`zlarini imtihon qildirar edilar.
* * *
Rahmat va mag`firat, buyuk zafarlar oyi bo`lgan Ramazonda fojeali bir hodisa ham yuz bergan. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) amakivachchalari va kuyovlari, xulafoi roshidinning to`rtinchisi Hazrati Ali ibn Abu Tolib hijriy 40-yilning Ramazonida bomdod namoziga ketayotganida Ibn Muljam tomonidan pichoqlanib, shahid etilgan.
***
Hijriy 56 yil Ramazon oyining 17-kunida (milodiy 676 yil 12 iyul) Oisha onamiz (roziyallohu anho) olamdan o`tdi.
* * *
Ispaniya fathi. Hijratning to`qson ikkinchi yili Ramazon oyining 28-kuni (milodiy 711 yili iyul oyining 19-kuni) Tariq ibn Ziyod rahbarligidagi shiddatli urushda kofirlar rahbari bo`lgan Ruzrik ustidan g`alaba qozonildi. So`ngra Kurtuba, G`urnata va Ispaniyaning poytaxti bo`lgan Tulaytiliya fath etildi.
* * *
Hijriy 361 yil Ramazon oyining 7-kuni (milodiy 971 yil 22 may) Islom olamining yirik o`quv markazlaridan biri – Misrdagi Al-Azhar universitetiga asos solindi.
***
Hijriy 256 yil Ramazon oyining o`ttizinchi kuni (milodiy 869 yil 31 avgust) buyuk muhaddis, “al-Jomi as-Sahih” hadislar to`plami tuzuvchisi Muhammad ibn Ismoil Buxoriy dunyodan ko`z yumdi.