O`lim jazosiga hukm qilingan AQSh fuqarosi Jozef Vud AQShning Arizona shtati qamoqxonasida unga o`ldiradigan in`eksiya yuborilgach, 2 soat o`tib vafot etdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar bermoqda.
“Jozef 1 soat 45 daqiqa davomida og`zi bilan nafas olib, nafasi siqilib qolardi”,-deydi Vudning advokati Deyl Beych.
Agentlikning yozishicha, 1989 yil sevgilisi va uning otasini o`ldirganlikda ayblangan 55 yoshli Vudning qatl qilinishi mahalliy vaqt bilan 13:52 da boshlangan va 15:49 da uning o`limi ma`lum qilingan. 2 soat davomida uning advokati rasmiy iltimosnoma yordamida qatl qilinishni to`xtatib, in`eksiyaga qarshi dorini yuborishni so`radi. Shuningdek, iltimosnomada hukm qilinganning og`riqsiz o`limi to`g`risidagi konstitutsion huquqlari buzilganligi qayd etilgan.
Arizona shtati gubernatori Jen Bryuer bo`lgan voqeadan xavotirda ekanligi va tegishli organlarga aniqlik kiritishni buyurdi. Uning so`zlariga ko`ra, qatl odilona va qonun doirasida o`tkazilgan. “Bir narsani aytish mumkin, mahbus Vudning qatl etilishi qonun doirasida o`tkazilgan. Guvohlar va tibbiy ma`lumot mahbusning o`limidan avval azoblanganidan dalolat bermaydi”,-deyiladi gubernatorning rasmiy bayonotida.





