Mamlakatni tark etgan Qirg`iziston sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiev va uning ukasi davlat himoya xizmati sobiq rahbari Janibek Bakiev 2010 yil 7 aprelida ommaviy qotillikni amalga oshirishda ishtirok etganlikda aybdor deb topildi va sirtdan umrbod qamoq jazosiga va mol-mulkni musodara qilishga hukm qilindi.
Sud hukmini juma kuni sudya Damir Onolbekov e`lon qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
Shuningdek, aka-uka Bakievlar suiqasd va xizmat vazifasini suiiste`mol qilganlikda aybdor deb topilishdi.
Bakievlardan tashqari, davlat himoya xizmati rahbari o`rinbosarlari Daniyar Dunganov va Nurlan Temirbaev 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Mamlakat maxsus xizmati boshlig`i Murat Sutalinov 20 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.
7 aprel kuni Bishkek shahri markazida namoyishchilar va hukumat o`rtasida to`qnashuvi oqibatida 80 kishi halok bo`lgan va 300 kishi yaralangandi. Ushbu voqeadan so`ng mamlakatda hukumat o`zgardi, sobiq prezident va uning ukasi Belorussiyaga qochib ketishdi. Hozirgi kunda ham ular ushbu mamlakat hududida bo`lib turishibdi.
2010 yil 7 aprel voqealari yuzasidan sud ishi 4 yil davom etdi.





