1

Prezident «Rosatom» davlat korporasiyasi bosh direktorini qabul qildi

Siyosat 31.05.2018, 09:22
Prezident «Rosatom» davlat korporasiyasi bosh direktorini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 may kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan «Rosatom» atom energiyasi bo`yicha davlat korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga, o`zaro manfaatli serqirra hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgan oliy va yuqori darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O`zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda, birgalikda investisiya, energetika, sanoat, transport va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, izchil hududlararo muloqot yo`lga qo`yilgan, madaniy-gumanitar almashuvlar faollashdi.

Muzokarada fan va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari va innovasiya markazlari o`rtasida, jumladan, o`tgan yili imzolangan Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo bitim doirasida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Qo`shma dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo`yicha tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.

«Rosatom» davlat korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi rahbariyatining salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida energetika sektorida keng ko`lamli sheriklik va o`zaro foydali ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligi va bunga tayyorligi alohida qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1