1

Prezident yangi aeroport qurilishini borib ko`rdi

Siyosat 01.06.2018, 11:51
Prezident yangi aeroport qurilishini borib ko`rdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 iyun kuni Qibray tumanidagi aerodromda amalga oshirilayotgan ishlarni borib ko`rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 iyundagi qarori asosida bu erda 2018-2020 yillarda biznes aviasiyasi uchun zamonaviy aeroport qurilishi belgilangan. Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish – birinchi bosqichda 4 kilometrlik uchish-qo`nish yo`lagi va soatiga 250 yo`lovchini o`tkazish imkoniyatiga ega terminal barpo etish, ikkinchi bosqichda qo`shimcha infratuzilma ob`ektlari, mehmonxona majmuasi qurish rejalashtirilgan.

Aeroportda eng katta yuk tashuvchi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko`rsatish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bu mamlakatimiz transport va tranzit salohiyatini yanada oshirib, tashqi savdo rivojiga katta hissa qo`shadi.

Hozirgi kunda bu erda loyihalashtirish va umumiy qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Eski uchish-qo`nish yo`lagi butunlay olib tashlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev mazkur ishlarni ko`zdan kechirdi. Aeroportda bunyod etiladigan ob`ektlar loyihalarini takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Xorijiy delegasiyalarni kutib olish binosi milliy madaniyatimizni, bag`rikengligimizni ko`rsatib tursin. Samolyotdan tushgan odamning kayfiyatini ko`taradigan, mehmonlarga va ishbilarmonlarga har tomonlama ma`qul keladigan bo`lsin, dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari qurilishda issiq ranglardan ko`proq foydalanish, aeroport hududini ko`kalamzorlashtirish, drenaj tizimini oqilona yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1