O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 avgust kuni Oqsaroyda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Toshimisu Motegini qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo`lida faol rivojlanib borayotgan muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta`kidladi. Bu o`zaro manfaatli hamkorlik, avvalambor, iqtisodiy sohadagi aloqalar holatini baholash va uni yanada kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo`lishini qayd etdi.

Yaponiya O`zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2013 yil yakuniga ko`ra, mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollaridan oshgan. Yaponiya tomonidan O`zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnikaviy vositalarning umumiy hajmi 2 milliard dollardan ziyoddir.
Yaponiya kompaniyalari “Ko`kdumaloq” konida kompressor stansiyasini va Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi, Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizasiyalash kabi yirik investisiyaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Bugungi kunda Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizasiya qilish bo`yicha qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda energetika, neft-gaz, kimyo va kon sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikasiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yaponiya delegasiyasi tarkibida «Itochu», «Misubisi», «Marubeni», «JOGMEK», «NEK» kabi etakchi kompaniyalar vakillari mamlakatimizga tashrif buyurgani va ushbu tashrif doirasida qo`shma biznes-forum o`tkazilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshimisu Motegi samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Yaponiya hukumati O`zbekiston bilan keng ko`lamli va o`zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.





