Xalqimizning sevimli kinokomediyalaridan biri bo`lmish “Yor-yor” filmining suratga olinganiga 50 yil to`ldi. Film umrboqiyligining siri uning baquvvat adabiy asosida. Kinokartinani san`atni sevadigan rejissyor Ali HAMROEV suratga olgan. Aynan “Darakchi” gazetasi uchun Ali Hamroev eksklyuziv intervyu berdi. Hozirgi paytda rejissyor Moskvada istiqomat qiladi. Lekin ijodi O`zbekiston bilan bog`liq...
— Ali aka, “Yor-yor” filmining g`oyasi qanday tug`ilgan?
—1964 yilning mart-aprel oylarida “O`zbekfilm” kinostudiyasi rahbariyati yaxshi bir komediya suratga olish vazifasini topshirgan. Kulgi-yumorga boy musiqali komediya yurtimizning go`zal manzaralari, o`zbek xalqining fe`l-atvori aks etgan film bo`lishi kerak edi. Moskvadagi kinematografiya institutini bitirib kelib, dramatik talqindagi filmlarni suratga olish niyatida ijodga sho`ng`igan paytim edi. Ssenariyni yozuvchi Rahmat Fayziy bilan birga yozadigan bo`ldik. Rahmat akaga ssenariy yozishda yosh ssenariynavis Odelsha Aishev yordam beradigan bo`ldi. Detal detalga, voqea voqeaga ulanib, ssenariy yozilaverdi. Rahmat aka mavzuni o`rtaga tashlab, uyquga ravona bo`lardi. Odelsha Aishev bilan ikkovimiz esa tun bo`yi syujet liniyasini yozib chiqamiz. Ertalab tun bo`yi yozganlarimizni Rahmat akaga o`qib beramiz. Ustoz ssenariyni sayqallab, me`yoriga etkazardi. Ikki haftada ssenariy tayyor bo`ldi. O`g`il uylantirish mojarosi bo`lg`usi filmimizga mavzu qilib olindi. Odelsha qizni televizorda ko`rib qolish sahnasini, nosvoyga manzil yozilgan qog`ozni qopqoq qilish epizodlarini o`ylab topdi. Filmning nomini ham Rahmat aka qo`yib bergan.
— Aktyorlar ansambli qanday jamlandi? Nima uchun bosh rolga aynan Soyib Xo`jaev taklif etildi?
— O`sha paytda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida “Toshbolta oshiq” spektakli anshlag edi. Soyib akani shu spektaklda ko`rib, “Yor-yor”ga taklif etdim. Ota rolida boshqa aktyorni tasavvur etish qiyin edi. O`g`il roli nomzodiga rejissyor Elyor Eshmuhammedovning “Uchrashuv” filmida suratga tushgan yosh aktyor Baxtiyor Ixtiyorovda to`xtaldik. “Yor-yor” filmiga taklif qilganimizdan Baxtiyor behad xursand bo`lgan. Soyib Xo`jaev Farg`onadagi choyxonada o`tirib, shunday ajoyib qochirim gaplarni o`ylab topardiki, ular shak-shubhasiz filmdan o`rin olgan. Suratga olish jarayonida o`zbek xalqining fayzli gap-so`zlari, hazil-mutoyiba, qochirimlari improvizasiya natijasida syujetga kiritilgan. Aktyorlarni nomma-nom sanaydigan bo`lsak, har biri bir dunyo. Soyib Xo`jaev, Razzoq Hamroev, Hamza Umarov, Shukur Burhonov, Tursunoy Ja`farova, G`ani A`zamov, Olim Xo`jaev, Rahim Pirmuhammedov... Har bir san`atkor o`z ijodiy imkoniyati, mahorati, jozibasini filmda ajoyib tarzda namoyon qilgan. Har bir obraz xalqdan olinib, sayqallanib, ekranga olib chiqildi. “Yor-yor”dagi kichkinagina epizodga Shukur Burhonovni taklif qilganimda, betobligini ro`kach qilgan. S`yomkani Shukur akaning uylari atrofida qiladigan bo`ldik. Aktyor s`yomkaga pijama va tapochkada to`g`ri uyidan chiqqan. Darhol egniga milisiya polkovnigi mudiri libosini kiydirdik, mo`ylov yopishtirdik. Shu tarzda filmning eng qiziqarli epizodlaridan biri Shukur Burhonov bilan olindi. Bir payt aktyor Olim Xo`jaev yonimga kelib, “Bu deyman, hamma artistlarni chaqiribsan komediyangga”, deb qoldi. Shunda “Yor-yor”da katta rol qolmaganini vaj qilganman. Olim aka kichkinagina epizodda ham o`ynashga rozi ekanligini aytdi. Shu kuniyoq xalq artistimizni aeroportga olib borib, parashyutistlar boshlig`i rolida o`ynatdim.
— Komediyaning har bir epizodi yod bo`lib ketgan. Ota-bolaning suvda suzib ketish sahnasi, mashinaning yurib ketishi, Soyib akaning ertak aytib berish epizodi. Bu sahnalar ssenariyda bormidi yo s`yomka jarayonida o`ylab topildimi?
— Ssenariyda bo`lgan, faqat s`yomka jarayonida boyitilgan. Kinoda improvizasiya bo`lishi tabiiy.
— “Yor-yor”ning premerasi qanday bo`lgan?
— Kinokomediyaning ssenariysi bahorda yozilib, suratga olish ishlari yoz faslida davom etgan. Premera esa kuzda bo`lib o`tgan. Filmning ilk namoyishi juda katta bayramga aylangan. Hamma aktyorlar sahnaga chiqishgan edi. Hech kim “Yor-yor” komediyasi shu darajada shuhrat qozonadi, deb o`ylamagandi. Film 40 kun davomida 10 ta seansdan namoyish etilsa-da, bir oy keyinga ham chiptalar sotib bo`lingandi. “Yor-yor”ning dovrug`i butun O`zbekistonga taraldi.
— Eshitishimizcha, “Yor-yor”ning davomini olish niyatida ekansiz...
— 50 yildan beri filmning davomini olish istagida bo`lganman. Lekin bu istagim amalga oshmadi. Mana endi Soyib aka, Shukur aka yo`q. Baxtiyor xuddi Soyib akaga o`xshab mo`ysafid bo`ldi, hozir betob ekan. O`ylab qarasam, filmning davomini emas, yangicha talqinini suratga olish maqsadga muvofiq bo`ladi. “Yor-yor”ning davomida Soyib aka talqin etgan qariyaning nabiralari hayotini ko`rsatamizmi? “Yor-yor”ning yangi talqinida to`y mojarolari bugungi kunimizda bo`lib o`tadi. Aynan o`sha syujet, o`sha qahramonlar, o`sha-o`sha voqeliklar. Faqat 50 yildan keyingi muhitda. “XXI asrning “Yor-yor”i, mana yangi filmning nomi. To`y mavzusi bugun ham dolzarb. Ota-bola mojarolari, o`g`il uylantirish muammosi bugun ham bor. Do`stim Odelsha Aishev bilan bu loyiha ustida ishlayapmiz.
O`zimizning qadrdon “Yor-yor” komediyasining 50 yillik yubileyini 2014 yilning oktyabr oyida Toshkentda nishonlamoqchimiz. Bu safar sahnaga hayotda qolgan aktyorlarimiz chiqishadi. Ming afsuski, ularning soni juda ham kam. Bu film ijodiy faoliyatimda alohida o`rin egallagan. “Yor-yor” necha-necha avlod tomoshabinlarining sevimli komediyasiga aylanib qolganidan baxtiyorman!
Darhaqiqat, Ali Hamroev rahmatli otam kinooperator Turdi Nodirovning do`sti sifatida meni “Yor-yor” filmida tasvirga tushirgan. O`shanda 3 yoshli qizaloq edim. Esingizda bo`lsa, filmda tom ustida raqqosa Gulnora Mavaevaning raqsga tushayotgan sahnasi bor. Tomning chetida nuroniy bir cholning tizzasida bantik taqqan qizcha o`tiribdi. Kulib o`tirishim kerak bo`lgan joyda qariyadan begonasirab yig`labman. Bu kadrlar filmga muhrlanib qolgan. Shunday qilib, “Yor-yor” komediyasi mening ham hayotimning bir sahifasiga aylanib qolgan. “Yor-yor”ning yubileyida seni ham sahnaga chiqaraman”, deb niyat qildi Ali aka.
Feruza NODIROVA suhbatlashdi.