Guanchjou shahridagi "Chanlun" hayvonot bog`ida olamshumul hodisa yuz berdi. Sichuan provinsiyasidan keltirilgan Szyuysyao ismli panda 29 iyul kuni tongda uchta pandani dunyoga keltirgan. Bu haqda Sinxua agentligi xabar beradi.
15 kun ichida panda bolalarining ahvoli yaxshilandi. Ayni damda bu dunyoda tirik qolgan yagona egizak pandalardir. Bu haqida ommaviy axborot vositalariga 12 avgust kuni xabar berilgan.
“Szyuysyao aprel oyida homilador bo`lishi kerak edi. Ammo mutaxassislar uning homiladorligi amalga oshgani yoki oshmagani haqida aniq ma`lumotga ega emasdilar. Birvarakayiga 3 nafar pandachaning tug`ilishi barchamizni xursand qildi” - deydi Chanlun hayvonot bog`ining bosh direktori Dun Guysin.
Ona panda bolalarini dunyoga keltirgach, juda holsizlandi. Ammo ayni kunlarda u hayvonot bog`i yordamchilari ko`magi bilan bolalariga g`amxo`rlik qilayapti. Pandachalarning jinsi matbuotga oshkor etilmagan. Hayvonot bog`i mutaxassislari ushbu “mo`jiza”larga katta e`tibor bilan qarashmoqda. Chunki ilk oylar ular hayotini hal qilishi mumkin.
Xitoy pandalar muhofazasi tadqiqot markazi rahbari Chjan Xemin pandalar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Egizak pandalarning tirik qolish ehtimoli kam foizlarni tashkil etadi. 50 yil ichida dunyo bo`yicha 400 ta panda dunyoga kelgan. Ular ichida 3 martagina birvarakayiga 3 ta panda dunyoga kelgan. Biroq ushbu uchliklarning hech biri to`laligicha tirik qolmagan”.
Garchi mutaxassislarning fikrlari fakt va dalillarga asoslangan bo`lsada, biz ushbu uch panda bolalarining yashab ketishiga umid qilib qolamiz.