AsosiyDunyo

TOG` BAG`RIDAGI KO`HNA SIRLAR

Gruziya o`zining betakror tabiati, go`zal manzaralari, mo``tadil ob-havosi bilan dovrug` taratib kelgan. Mtasminda tog`i esa, ana shu jannatmakon diyorning eng diqqatga sazovor go`shalaridan biridir.

Mamlakat poytaxtining shundoq tepasida joylashgan bu xushmanzara maskan har bir gruzin uchun muqaddas qadamjo, cheksiz g`urur va iftixor manbai bo`lib kelgan. Darvoqe bu tog` nomi ham gruzin tilidan tarjima qilingan muqaddas tog` degan ma`noni beradi.

Mtasminda tog`i etaklari bo`ylab asov  Kura (gruzinchada Mtkvari) daryosi ayqirib oqadi. Tepalikka ko`tarilganingiz sari bir tomonda Tbilisining maftunkor manzaralari ikkinchi tomondan esa, ko`hna Kuraning moviy mavjlari ko`zga tashlanadi.

         Tbilisiga tashrif buyurgan hech bir sayyoh Mtasmindani ziyorat qilmay ketmaydi. Mehmonlar uchun bu tog`ning eng yuqori cho`qqisiga zabt etish o`ziga xos an`anaga aylangan.  

                                      Avliyo Dovudning karomati

         Xalq orasida bu tog`ni Avliyo Dovud tog`i ham deyishadi. Tog` tepasida eramizning oltinchi asrida yashab o`tgan avliyo Dovud ibodatxonasi joylashgan. Mazkur ibodatxonaning qurilish tarixi bilan bog`liq bir qancha rivoyatlar ham saqlanib qolgan.

         Aytishlaricha, avliyo Dovud Shom (Suriya) yuridan kelib  ushbu tog`dagi g`orlarning biridan makon tutadi va shu erda ibodat bilan mashg`ul bo`ladi. Bu paytda Tiflisda (Tbilisining qadimgi nomlaridan biri) bir qiz yashardi. Qiz ittifoqo bir yigit sevishib qoladi va undan homilador bo`ladi. Bundan xabar topgan qo`ni-qo`shnlilar, mahalladoshlar darhol bolaning otasi kimligini aytishni so`raydilar.Bu fursatdan foydalangan avliyo Dovudning raqiblari qizdan Dovudni yomonotliq qilib berishni so`rashadi. Qiz aybdor sifatida Dovudni ko`rsatadi.

Dovudni mahkamaga chaqirib sud qilishadi. Qiz hammaning oldida Dovudni ayblaydi. Dovud aybni tan olmaydi. Hakamlar Dovuddan guvoh keltirishni talab qilishadi. Shunda Dovud qizning qorniga qarab turibdi: “men sening otangmanmi?” deb so`raydi. Shunda ona qornidagi chaqaloq tilga kiradi va Dovudning aybsizligini aytadi.

         Shunday so`ng shahar ahlining bu pokdomon insonga bo`lgan ixlosi ortib, unga tog` tepasida ibodatxona qurib berishadi. Bu ziyoratgoh keyinchali xalq tilida “Mkamadavita” ya`ni Dovud otanomini oladi. Ayni paytda har yili bu ibolatxona sharafiga Mtasmindada “Mamatavitoba” bayrami o`tkaziladi.

         Mtasminda tog`ida juda ko`p shifobaxsh buloqlar bor. Ulardan bir qanchasi tepalikdagi ibodatxonalar atrofida joylashgan. Mahalliy aholining irimlariga ko`ra, ziyoratchilar erdan kichikroq tosh olib, niyat bilan toshni ibodatxona devoriga tekkizishadi. Agar tosh devorga yopishib qolsa, ziyoratchining tilagi ijobat bo`lar emish.

                                      Mtasmindaga chiqish osonmi?

Sershovqin shahar va afsonaviy tabiat manzaralari orasidagi chegarani oshib o`tish uchun uncha ko`p vaqt sarflamaysiz. Rustaveli metrosidan chiqib, kerakli  avtobusga o`tirsangiz kifoya. Sanoqli daqiqalardan so`ng o`zingizni jannatmonad manzaralar quchog`ida ko`rasiz.

         Mtasminda tog`i o`zining yuz yillik tarixga ega maxsus tog` tramvayi – funikulyori bilan ham mashhur. Uni o`tgan asrning boshlarida bir Belgiya firmasi barpo etgan bo`lib, dastlab faqat ikkita vagonchani o`z ichiga olgan. Endilikda zamonaviy osma vagonlar vositasida siz bemalol Mtasmindaning jannatiy tarovatidan bahramand bo`la olasiz.

1990 yilda bu funikulyorda ro`y bergan halokat o`nlab insonlarning hayotiga zomin bo`lgandi. Shu bois bir necha yil davomida funikulyor o`z faoliyatini to`xztatib qo`ydi. Uzoq davom etgan ta`mirlash va modernizasiya ishlari nihoyasiga etgach, ikki yil avval bu ajabtovur transport turi qaytadan ishga tushirildi. Buning uchun kassaga ikki lari (taxminan 3000 so`m)  to`lasangiz kifoya. Shahar markazidan boshlangan sayr tog` tepasidagi Mtasminda milliy parkida nihoyasiga etadi.

Mtasmindani Tbilisining tashrif qog`ozi deb aytish mumkin. Bu go`shaning tarovatidan to`laqonli bahramand bo`lish uchun bir kun kamlik qiladi.

                                      Sir-sinoatlar maskani

         Darhaqiqat bu ta`rif Mtasminda tog`i uchun mubolag`a hisoblanmaydi. Chunki, shu paytgacha bu tog` va unga olib chiquvchi yo`lda juda ko`p sirli hodisalar ro`y bergan.

         Masalan, tog` yo`lida shunday g`ayrioddiy bir hudud borki, bu erda mashina motori o`chiq bo`lsa-da, bemalol yuqoriga qarab “yo`rg`alay”  oladi. Bu holatni olimlar juda ko`p bora o`rganishga harakat qilishgan bo`lsalar-da, haligacha bu jumboqni echa olishmagan. Shuningdek, bu hududda mahalliy aholi bir necha marotaba noma`lum uchar jinslarga ham duch kelishgani haqida ma`lumotlar bor.  

                                   

                                                Bunda orom olar buyuklar...

         “Mtasminda” panteoni deb nomlangan ko`hna qabriston ham gruzinlar uchun muqaddas go`shalardan biri sanaladi. Bu zaminda gurji xalqining o`nlab asl farzandlari, ziyolilari, shoir va yozuvchilari, san`at va madaniyat arboblari  xoki mangu qo`nim topgan.

         Qabristonda allaqanday ilohiy sukunat hukmrondek. Bir paytda mashhur rus adibi Aleksandr Griboedov o`zinig “Aqllilik balosi” asarida bu hududni “Tbilisining adabiy go`shasi” deb nomlagandi. Falakning gardishi bilan 1829 yilda Tehronda otib o`ldirilgan Griboedovni aynan shu maskanda dafn etishgan. Darvoqe, Griboedovning rafiqasi Nino ham asli gruzin qizi edi. Mashhg`ur adib qabri ustidagi yodgorlik toshi ham uning ayoli tomonidan o`rnatilgan. Keyinchalik Nina Chavchavadzening o`zi ham erining yonida dafn etilgan.  Akakiy Sereteli, Galaktion Tabidze, Nodar Dumbade, Vaja Pshavela, Ilya Chavchavadze singari ko`plab shoir va yozuvchilar  qabri ham aynan shu maskandan joy olgan.

             ...Mtasminda haqida juda ko`p afsonalar, rivoyatlar, qo`shiqlar to`qilgan. Bugungi kunda gruzin xalqining ma`naviy boyligiga aylanib ulgurgan poytaxt madhiyasi – “Tbiliso”da ham bu maskan nomi  tilga olib o`tilgan.

Go`zal Tbilisi, Quyosh o`lkasi.

Sensiz hayot menga, aytgil, ne darkor?

Yana qayda uchrar dilkash Varazi?

Oqsoch Mtasminda yana qayda bor?

Chindan-da, bu erdagi sokinlik, fayzu tarovat, betakror tabiat manzaralarini dunyoning boshqa hududlaridan uchratish dushvor...

                                                                  Rustam Jabborov tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar