AsosiySport

Sobiq hakam: Ravshan Ermatov o`yinni yaxshi boshqardi

'Sobiq hakam: Ravshan Ermatov o`yinni yaxshi boshqardi 'ning rasmi

O`zbekistonlik sobiq hakam Xolmat Mirzaahmedov championat.asia nashriga bergan intervyusida mashhur o`zbek hakami Ravshan Ermatov kecha bo`lib o`tgan Argentina — Xorvatiya bahsini qanday boshqargani haqida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

O`yinda Xorvatiya 3:0 hisobida g`alaba qozondi va Messi boshchiligidagi argentinaliklar hech narsa qila olishmadi. Ravshan Ermatov o`yinni qanday boshqargani haqida sobiq hakam Xolmat Mirzaahmedov fikrlarini bildirdi.


"Ermatov va uning brigadasiga katta rahmat. Hakamlarimiz o`yinni yaxshi boshqarishdi. Eng muhimi, qo`pol xatolar kuzatilmadi. Faqat bir vaziyatda Ermatov xorvatlar futbolchisi Rakitichning oyog`ini raqib o`yinchisi bosganini ko`ra olmay qoldi. Menimcha, o`sha vaziyatda Ravshan o`yin dinamikasida edi. Lekin qolgan holatlar bo`yicha umuman e`tiroz yo`q.

E`tibor bergan bo`lsangiz, jahon chempionati o`yinlarida hakamlar birdaniga sariq kartochka ko`rsatishmayapti. Ular oldin futbolchilar bilan muloqotda bo`lishyapti. Menimcha, FIFA tomonidan shunday ko`rsatma berilgan bo`lsa kerak. Chunki "sariq" berish oson, lekin uni qaytarib olish qiyin. Shu bois Ravshan Ermatov ham darrov kartochka ko`rsatmasdan oldin o`yinchilar bilan gaplashishga va tushuntirish ishlari olib borishga harakat qildi.

Umuman olganda o`yin juda og`ir kechdi. Bosim yuqori bo`ldi. Endi jahon chempionatida bunday uchrashuvlar ortib boraveradi. Ermatov barcha sariq kartochkalarni vaqtida va to`g`ri berdi. Agar shu orqali o`yinchilarni tinchlantirmaganida balki bahs oxirlariga kelib janjal chiqishi mumkin edi. Ermatov esa buni vaqtida payqay oldi va har ikki jamoa a`zolarini o`z paytida sovutishga ulgurdi. O`ylaymanki, FIFA ham Ermatov boshliq hakamlarimiz brigadasining kechagi ishini yuqori baholadi. Ularga keyingi o`yinlarda ham omad tilab qolamiz".

Boshqa yangiliklar