Saratondan davolanish uchun Nigeriyadan Hindistonga uchgan ayol Abu-Dabi shahri aeroportidagi tranzit hududida vafot etdi.
Amirlik OAVlarining xabar qilishicha, ayolga Ebola alomatlari tashhisi qo`yilgan bo`lishi mumkin, deya yozadi “RIA Novosti” agentligi.
Abu-Dabi sog`liqni saqlash boshqarmasining ma`lumotiga ko`ra, 35 yoshli ayol yakshanba kuni olamdan o`tgan.
Ayol ko`krak bezi saratonidan davolanish uchun Hindistonga uchgan, Abu-Dabida boshqa reysga o`tish vaqtida u o`zini yomon his qilgan. Ayolga aeroport shifokorlar guruhi yuborilgan. Ular ayolda Ebola virusi alomatlari bo`lishi mumkinligini aytishdi.
Hozirda uni kuzatgan 6 nafar shifokor va samolyotda ayolning yonida o`tirgan kishi ham nazorat ostiga olingan. BAA sog`liqni saqlash vazirligi ushbu reysda uchgan yo`lovchilar salomatligiga hech qanday havf yo`qligini ta`kidlamoqda.





