Shu yilning 12 avgustida O`zbekiston Respuyublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag`laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi nizomni tasdiqladi. Bu haqda norma.uz nashri xabar beradi.
Ushbu xujjatga ko`ra, tadbirkorlik sub`ektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqat ixtiyoriy va beg`araz ko`rsatishlari mumkin. Shu bilan birga tadbirkorlik sub`ektlarining xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag`larini sarflash bilan bog`liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlandi.
Tadbirkorlik sub`ektlarining byudjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida tushadigan pul mablag`lari byudjet tashkilotlarining moliya vazirligi axborot tizimida ochilgan tegishli byudjetdan tashqari g`aznachilik hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi va foydalaniladi.
Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlariga xayriya ehsoni shaklida berilgan mol-mulk qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.
Tadbirkorlik sub`ektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag`lari byudjet tashkilotlari tomonidan olinishi va ulardan foydalanish byudjet tashkilotlari bilan tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasida xayriya yordami ko`rsatish to`g`risida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq amalga oshiriladi.
Xayriya ehsonlari shaklida yordam ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari ushbu mablag`lardan foydalanishning istalgan bosqichida ularning maqsadli sarflanishini tekshirish huquqiga ega.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlik sub`ektlari xayriya faoliyatiga majbur etilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.





