1

Avtomobil sanoatida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi

Siyosat 27.06.2018, 09:50
Avtomobil sanoatida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 iyun kuni avtomobil sanoatida joriy yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport ko`rsatkichlarini ta`minlash, tarmoqning rivojlanish istiqbollarini belgilash masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Avtomobil sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o`rin tutishi, lekin keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani qayd etildi. Tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi.

“O`zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida qarzdorlik yuzaga kelgan. O`tgan yili kompaniyaning bir nechta korxonasi faoliyatini zarar bilan yakunlagan. Avtomobillar yillar davomida o`z tannarxidan past qiymatda eksportga sotilgan. O`z navbatida, tannarxni tushirish bo`yicha salmoqli ish qilinmagan.

Davlatimiz rahbari avtomobilsozlikda mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, importni qisqartirish bo`yicha topshiriqlar berdi. Tarmoq korxonalarini aylanma mablag`lar bilan to`ldirish, avtomobillar ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarda sotish tizimini takomillashtirish zarurligini ta`kidladi.

Mamlakatimizda avtomobilsozlik tarmog`ini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Avtosalonlarning joylashishi va avtomobillar taqsimotini qayta ko`rib chiqish, ichki bozorda avtomobillarni sotish tizimini tartibga solish masalalariga ham e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1