Odatdagidek bugun ham ushbu bosqichdagi eng shiddatli o`yinlardan biriga guvoh bo`lamiz.
Favoritilar o`zini oqlamayotganidan ham xabaringiz bor. Braziliyaga ushbu bosqichda Shimoliy Amerika vakili Meksika raqib bo`ladi. Kunning ikkinchi o`yinida Belgiya qitadoshlarimiz yaponlarni sinovdan o`tkazishadi.
BRAZILIYa – MEKSIKA
“Samara arena”, Samara. 02 iyul, 19:00

Ushbu jamoalar shu kungacha 40 marta kuch sinashishgan. Undan 23tasida janubliklar, 10 uchrashuvda esa shimolliklar zafar quchgan. Qolgan 7 o`yin durang bilan yakunlangan. Aytish joizki, FIFA kubogi doirasida bor-yo`g`i to`rt marta maydonga tushgan bo`lishsa, shundan uchtasida Braziliya yirik hisobda g`alaba qozongan. Bir uchrashuv durang bilan o`z nihoyasiga etgan. Aksariyat o`yinlar o`rtoqlik maqomida o`tkazilgan. Xullas, bu terma jamoalar bir-biriga juda yaxshi tanish. Italiyalik bosh hakam Janluka Rokki jamoalarni maydonga boshlab tushadi.
BELGIYa – YaPONIYa
“Rostov arena”, Rostov. 23:00

Belgiya yaponlar bilan 5 marta kuch sinashgan. Ularning hisobida ikkita mag`lubiyat, shuncha durang hamda bir g`alaba. Uchrashuvlarning bittasi jahon kubogiga to`g`ri keladi. Yaponiya mezbonlik qilgan o`sha mundialda jamoalar jangovar durangga imzo chekishgan. Demak, bu jamoalarning ham eski hisob-kitoblari bor. Mazkur juftlik o`rtasida ham bahs jiddiy kechadi. Hakamlar “brigada”siga senegallik Didio Malang boshchilik qilishi kutilmoqda.






