Loyihamizning galdagi qahramoni — o`zbek kino va teatrining ustunlaridan biri, O`zbekiston xalq artisti Yodgor SA`DIEV. Anglaganingizdek, “ochiq xat” kino va teatr haqida bo`ladi...
Ulug`bek Qodirov to`g`ri xulosa chiqardimi?
Bu yil xususiy kinostudiyalarda suratga olingan birorta filmni ko`rganim yo`q. Ochig`i, xususiy kinoda ijod qilayotganlar hafa bo`lishmasin, ularning ba`zi filmlarini ko`rgim kelmaydi! To`g`ri, ular orasida ham iste`dodli ijodkorlar bor. Bilasizmi, zo`r film ishlanganida eshitardim va albatta borib ko`rib, ijodiy jamoani tabriklagan bo`lardim. Chunki bu odat mening tabiatimga xos!
Bugungi kunda xususiy kinostudiyalarga talab katta va bu haqqoniy talab! O`ttizni qoralagan yosh aktyorlarimiz katta ekranlardan tushmay qolgandi. Filmni filmga ulagani etmagandek, rollari ham bir xillikdan nariga o`tmayotgandi. Sarhisob qilish vaqti etganini tushunishdimi yo talab yo`qmi, bugun anchayin kamnamo bo`lib qolishgan. O`z vaqtida juda iqtidorli yosh aktyorlarga “Hadeb katta ekranda ko`rinavermanglar. Aktyorni limonga qiyoslash mumkin. Sharbatini siqib olib, uni tashlab yuborishadi. Limonning kuni boshingizga tushmasligi uchun aktyor o`zini saqlay bilish kerak. Tomoshabinning me`dasiga tegmang! Xususiy filmlarda hali o`zi yordamga muhtoj bo`lgan rejissyorlar ishlayapti. Shu sabab, professional rejissyorlarning filmida ishlash kerak” deb tanbeh bergandim.
Ularning ko`pchiligi maslahatimni erda qoldirishmadi, RAHMAT ularga! Balki Ulug`bek Qodirov to`g`ri xulosa chiqarganidanmi, bir yilcha ijodiy tanaffus qildi. Yana bir yosh aktyorga kimligini aytishim shart emas, “O`g`lim, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning oldida o`nga yaqin afishalar ilingan. Sanasam, ulardan ettitasida sening rasming turibdi. O`zingning joningga tegmadimi?” dedim. San`atkor sirli bo`lishi va tomoshabinni sog`intirishi kerak. Tomoshabinning ko`zidan emas, qalbidan joy olishga intilish kerak! Aktyorlarimiz balki o`zining kuchiga ishonmagani uchun ijodiy tanaffus qilmas...
Shu o`rinda bir voqea yodimga tushdi. Bir filmga tasdiqdan o`tgandim, “mo`ylab qo`yaver”, deyishgan. Suratga olinadigan kun qarasam, o`rnimda boshqa aktyor. Shunda arazlab, “elkamni chuquri ko`rsin bu erni”, deya “O`zbekfilm”ning eshigini qattiq yopib ketganman. Oradan 14 yil o`tgachgina kinoga qaytdim. Arazlab qoladigan odatim bor-da! Shu bilan 1985-86 yillar rejissyor Melis Abzalovning “Armon” filmi orqali Dadabo`ri bo`lib kinoga qaytganman.
“Tomoshabinni jiddiy kinoga o`rgatish kerak!”
Yaqinda bir o`rtamiyona aktyor “Yodgor aka, “Shaytanat”dan keyin nechta filmda rol o`ynadingiz?” deb qoldi. “Ikkita filmda”, desam, “Men o`ttiz to`rtta kinokartinada chiqdim”, deydi. Men esa, shu kungacha o`ttiz to`rtta filmda rol o`ynagan emasman. Chunki gap sonda emas, sifatda-ku!
Bugun “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan suratga olinayotgan filmlar ancha rejali bo`lib qoldi, mavzulari hayotiy. “O`zbekfilm” kinostudiyasida bosh muharrir — Murod Muhammad Do`st! U katta yozuvchi, kinossenariylarning ipidan ignasigacha tushunadigan ijodkor. Shu sabab endi yuzaki ssenariylar “ushlab” qolinadi. Tomoshabinning ketidan “yurib”, mablag`ga uchib ishlanadigan filmlarga chek qo`yilmoqda. Tomoshabinlarni yana qayta jiddiy, davlat kinolarini ko`rishga o`rgatishimiz kerak.
“Pul uchun o`zingizni ming ko`yga solmang”
Bugun anchayin oqsagan ustoz-shogirdlik an`analarini tiklab, yosh ustoz ko`rmagan iqtidorli rejissyorlarni yo`lga solishimiz kerak. Ochig`i, aksariyat rejissyorlar professionallarning fikrini pisand qilmay qo`ygan. Aktyorlar esa o`zini xususiy filmlarga “urib”, professional rejissyor ko`rmay ishlayapti. Ravil Botirov, Shuhrat Abbosov, Melis Abzalov kabi o`z ishining ustalaridan maslahat olib, yaxshi natijalarga erishishsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.
Ijodkorlardan Sobir Nazarmuhammedov, Isamat Ergashev, Nozim To`laxo`jaev, Yolqin To`ychiev, Ayub Shaxobiddinov kabi fikrlaydigan rejissyorlarning ijodini hurmat qilaman. Xususiy kinostudiyalarning faoliyatiga qarshiligim yo`q, faqat professionalizmni unutib qo`yishmasin. Shunda mablag`ning o`zi ularni topadi, pul ishlash uchun o`zini ming ko`yga solishiga hojat qolmaydi. Eng muhimi, ijodkorlar o`z ijodiga o`zi mahliyo bo`lib qolishmasin! San`atda o`zingni emas, o`zingdagi san`atni sevgin, deyishgan ustozlarimiz. O`z ishining ustalarini yaxshi ko`rganim uchun rejissyorligimdagi “Xonadon egasi” filmimga professional aktyorlarini taklif etganman. Yosh aktyorlar ularning ijrosi, “yuragi”, “dardi”dan o`ziga “bagaj” yig`sa bo`ladi. Tomoshabin avtobus bekatiga borguncha, ko`rgan filmi nima haqda ekanini yodidan chiqarib qo`yishi kerak emas! Uyiga etguniga qadar film xayoli bilan qadam bossin.
“Iste`dod bilan xalqning ko`nglidan joy olish kerak”
O`ylab qarasam, davlat filmlarining targ`iboti, reklamasi etarlicha emas. Vaholanki, reklama orqali rejissyor, aktyor, xonanda bo`lganlar qancha? Lekin “buzoqning yugurgani somonxonagacha...” Rosti, reklama ortidan “yulduz” bo`lib qolganlarni yoqtirmayman. Chunki ularga tarbiyani ustoz emas, homiy beryapti, iqtidorini o`z maqomiga yo`rg`alatyapti! Hatto to`yxonalarga ham 4-5 soqchi bilan kirib kelishadi. O`zing xalqdan chiqqan bo`lsang, seni kimdan qo`riqlaydi ular?! Bu odamga erish tuyuladi. Kuni-kecha bo`yi bir yarim metrga bormaydigan, oyog`iga 25 santimetrli tufli kiygan bir xonanda qiz qo`riqchilari bilan taqur-tuqur qilib, mashinadan tushib to`yxonaga kirib keldi. O`zi ovozi bir metrdan nariga o`tmaydi. Juda shoshayotgan shekilli, men bilan ham so`rashmay o`tdi. E-ha, u “yulduz”ku...
“Ijodingizni e`zozlang va qadrlang!”
Fursati kelganda, reklamalarda chiqayotgan san`atkorlarimizga murojaatim bor edi. Gollivudda reklama uchun mo`maygina mablag` to`lashadi, bizda esa arzimagan pul berishadi. Reklamada ko`rinadigan bo`lsanglar iste`dodinglarni arzonga sotib qo`ymanglar, munosib bahoni ham bilish kerak!
Professional aktyorlarimiz mablag` uchun o`zini uvol qilib qo`yishi dilni xira qiladi. Shaxsan likka-likka reklama orqali ko`rinishni o`zimga ep ko`rmayman. “Men olma!”, deb qandaydir ichimlikni reklama qilayotgan Muhammadiso Abdulxairov haqidagi e`tirozlar tez-tez quloqqa chalinadi. Bundan keyin qanday reklamalarga chiqishini uning o`zi yaxshi biladi. Chunki uning ismi ham Muhammad, ham Iso! O`z vaqtida bu aktyorga “komediyaga o`ralashib qolma, jiddiy filmlarda ham o`ynagin”, deb maslahat berganman.
Komediya haqida gap ketganida Zuhra Solieva o`kirib kulishi “tashrif qog`oz”iga aylanib qolganini gapirishadi. Aslida bu professionallik etishmasligidan! Yo`qsa, Zuhra juda iste`dodli aktrisa. To`g`ri, bachkanalik qobig`idan chiqish qiyinroq bo`ladi, lekin uddalashadi, ishonaman! Ularning iqtidori va ijodiga rahmim kelib gapiryapman, tanqid qilish maqsadida emas.
“Fidoiylik talab etiladi, xolos”
Yosh avlod vakillari orasida teatrni yaxshi ko`rib, uning qonun-qoidalariga chidolmagan aktyorlarning o`ntachasini bilaman. Ular haliyam erkin qush bo`lib yurishibdi. Biroq g`urur ham vaqti-soati bilan o`z o`rniga tushadi. Teatrga fidoiy aktyor, aktrisalar kerak! Sahnaga chiqishni yaxshi ko`rish va sahnada ishlash, uni sevish boshqa narsa. Teatrdagi yoshlarni kuzatib, ulardagi adabiy til borasidagi me`yor buzilganini ko`raman. Axir O`zbek Milliy akademik drama teatri adabiy tili bilan dong qozongan teatrlardan. Bugun shevada gapirayotgan yosh aktyorlarimizdan ranjiyman. Chunki bu otaxon teatr yozuvchi, dramaturglarning laboratoriyasi hisoblangan.
Sira yodimdan chiqmaydi, “Buxoro” nomli spektaklda sarbozni o`ynayotgan bir O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist “yuring, okaiz chaqiryapti” deya partnyoriga murojaat qildi. Sahna ortiga o`tgach, Nabi Rahimov “uka, oka — bu daryo, degani. Daryo chaqirmaydi! Akangiz chaqiryapti, deyish kerak!” degandi. Ko`ryapsizmi, birgina harfning kuchini...
O`zbek Milliy akademik drama teatri 100 yoshga to`lishi munosabati bilan Prezidentimizning bu to`yni munosib o`tkazish haqidagi qarori chiqdi. Va shu munosabat bilan teatrimiz jahon standartlariga javob beradigan qilib ta`mirlanyapti. Shu e`tibor orqali yoshlarimiz qaerda ishlayotganlarini yana bir o`ylashsin! Ulardan faqat bir narsa — teatrga fidoiy bo`lish talab etiladi.
Rejalar...
Ayni damda qadrdonim Tohir Malikning “Xazonrezgi” asari ustida ish olib boryapman. Film orqali qaysidir dardlarimni aytib olmoqchiman. Do`stlarning umr shomidagi mehr-oqibati hayotiy voqealar bilan ochib beriladi. Film uchun keksa avlod aktyorlari topilmay qolsa, viloyatlar bo`ylab kino sinov o`tkazishni rejalashtirib qo`ydim. Qolaversa, Izzat Sultonning “Imon” asari qayta sahnalashtirilyapti. U orqali yana bir marotaba teatr sahnasiga loyiq ekanimni isbotlamoqchiman!
Yaxshi ijodkor hech qachon erda qolmaydi. Yosh ijodkorlarga tilagim - xalq nazaridan qolib ketishmasin. Hadeb ko`rinaverish ham nazardan qoldiradi.
Hurmat bilan Yodgor Sa`diev!
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi