Prezidentimiz Islom Karimov 29 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Prezidentimiz Shayxontohur tumanining Abdulla Qodiriy va Labzak ko`chalari kesishgan chorrahada bunyod etilgan yangi zamonaviy ko`prikni borib ko`rdi. “O`zbekiston temir yo`llari” davlat aksiyadorlik temir yo`l kompaniyasi huzuridagi “13-ko`prikqurilish” tresti bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan ushbu transport bog`lamasi avtomobillarning harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratadi. Ko`prikning uzunligi 642, eni 19 metr.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, ular yuksak mahorat, chuqur bilim, yuqori texnologiyalar asosida amalga oshirilganini alohida qayd etdi.
Bunyodkorlik ishlarining uzviy davomi sifatida Abdulla Qodiriy ko`chasiga tutash ko`chalar kengaytirildi, sobiq “Dinamo” sport do`koni o`rnida zamonaviy savdo majmualari qad rostladi. Shahar landshaftining ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan Anhor kanaliga tutash ko`chalar, maydon va xiyobonlarda yashil hududlar kengaytirildi.
Prezidentimiz mazkur hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, ushbu ko`prikda yilning to`rt faslida ham transport vositalarining bemalol harakatlanishi uchun muhandislik-kommunikasiya infratuzilmalarini yanada takomillashtirish, zamonaviy landshaft dizayni asosida obodonlashtirilgan hududlarni ko`paytirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.
Yurtboshimiz Abdulla Qodiriy ko`chasini kengaytirib, sakkiz tasmali yo`lga aylantirish, mazkur hududdagi ko`p qavatli uylarda yashayotgan aholining dam olishi uchun imkoniyat yaratish, mo``tadil iqlimni ta`minlash maqsadida favvoralar bunyod etish kerakligini ta`kidladi.
Ko`priklar, yo`llar va boshqa inshootlarni qurishda nafaqat bugungi kunni, balki kelajak avlodlar manfaatlarini ham inobatga olgan holda ish tutish zarur, dedi Islom Karimov.
Davlatimiz rahbari Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qurilgan yangi yo`lni borib ko`rdi.
Poytaxtimizda yana bir yangi yo`lning qurilishi bu boradagi ishlarning izchil davomidir. 5,1 kilometrlik bu yo`l Olmazor tumanidagi Beruniy ko`chasidan boshlanib, Shayxontohur tumanidagi Xurshid ko`chasiga qadar davom etadi. Forobiy, Sag`bon, Qorasaroy, Sebzor va Labzak kabi katta ko`chalarni o`zaro bog`laydi.
Prezidentimiz bu erda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yo`lsoz va quruvchilarning mehnatiga yuqori baho berdi.
Toshkentda shaxmat bo`yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar va o`smirlar sport maktabi barpo etildi.
Prezidentimiz bu erda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz maktabda saboq oladigan o`g`il-qizlarning shaxmat bo`yicha mahoratini oshirish, ularning erkin ijod qilishi uchun yanada qulay sharoit yaratish borasida zarur tavsiyalar bildirdi. Ushbu bino yonida xalqaro miqyosdagi yirik musobaqalar o`tkazishga mo`ljallangan, milliy ruh aks etgan yangi inshoot barpo etish lozimligini qayd etdi.
Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining yangi binosini borib ko`rdi.
Islom Karimov akademiya binosi, u erdagi konferensiya zallari, Axborot-resurs markazida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bu erdagi ilmiy, amaliy va tashkiliy muhitni yanada takomillashtirish bo`yicha zarur tavsiyalar berdi.





